Amerika Qo‘shma Shtatlari Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard Rossiya masalalari bilan shug‘ullanadigan yuqori martabali xodimani maxfiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum qildi. Bu haqda The Economist nashri xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan bu xodima 2016-yildan buyon Rossiya va Yevrosiyo masalalari bilan shug‘ullanib kelgan. U AQSHdagi prezidentlik saylovlariga Rossiya aralashgani haqidagi xabarlarni tekshirgan va mazkur hisobotlarni muvofiqlashtirgan. Keyinchalik esa Rossiya hamda boshqa sobiq Ittifoq mamlakatlaridagi operatsiyalar va tahliliy ishlar bilan bog‘liq yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.

U bilan birga yana 36 nafar sobiq va amaldagi xodim ham maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqidan mahrum etilgan. Ular Konstitutsiyaga qilgan qasamyodini buzganlikda ayblanmoqda.
Rossiya bo‘yicha ishlarga boshchilik qilgan mazkur xodima Donald Tramp davrida lavozimidan ozod etilgan eng yuqori martabali amaldorlardan biri hisoblanadi. U Rossiyaning 2016-yilgi saylovlarga aralashuvi haqidagi hisobotni tayyorlashda qatnashgan Shelbi Pirson va Vin Nguen bilan bir qatorda tilga olingan.
Donald Tramp prezidentlikka qayta saylangach, agentliklar, federal idoralar va Milliy xavfsizlik kengashidan o‘nlab xodimlarni ishdan bo‘shatdi. Qisqartirishlar Yadro xavfsizligi milliy boshqarmasida ham amalga oshirilgan.
Reuters va Axios nashrlarining iyul oyida e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, bosh prokuror Pem Bondi Trampga qarshi tergovlarda ishtirok etgan 20 dan ortiq xodimni ishdan bo‘shatgan.
Financial Times esa Tramp va Vladimir Putinning Alyaskadagi sammiti oldidan AQSH delegatsiyasida Rossiyani yaxshi biladigan siyosatchi qolmaganini yozgandi. Bunga sabab sifatida Donald Trampning razvedka xizmatida Rossiya bilan ishlovchi mutaxassislarni yoppasiga ishdan bo‘shatgani keltirilgan.
Izoh (0)