Vazir oilasidagi kenja farzand
Mohandas Karamchand Gandi 1869-yil 2-oktabr kuni Hindistonning hozirgi Gujarat shtatidagi Porbandar shahrida tug‘iladi. Uning otasi Porbandar bosh vaziri bo‘lib, Gandi uning to‘rtinchi xotinining farzandi edi. Gandining onasi esa o‘z-o‘zini tarbiyalash va asketik tamoyillarni ilgari suruvchi jaynizmning vayshnavizm diniy yo‘nalishi mutaassib fidoyisi hisoblangan. Yosh Mohandas aynan onasining katta ta’siri ostida ulg‘ayadi, Gandilar oilasi vegetarianlik, diniy bag‘rikenglik va zo‘ravonlikni rad etish tamoyillariga qat’iy amal qilardi.Gandi 13 yoshida o‘zidan bir yosh katta bo‘lgan Kasturba ismli qizga uylanadi. O‘smirlik paytida u oilaning qat’iy diniy e’tiqodiga qarshi chiqadi: chekish, go‘sht yeyish va uy xizmatchilarining pulini o‘g‘irlashni boshlagan Gandi, hatto fohishaxonaga ham boradi. Ammo uning aytishicha, u yerda hech nima bo‘lmagan, Xudo Gandini gunohdan himoya qilgan.
Garchi Gandi yoshligida shifokor bo‘lishni xohlasa-da, otasi hukumatda joy egallashi uchun uni yuridik sohaga yo‘naltiradi. Bu davrda huquqshunoslik bo‘yicha diplomni Angliyada olish mumkin edi. 1888-yil 18 yoshli Gandi huquqshunoslikni o‘rganish uchun London tomon yo‘l oladi. Yuridik kollejni tugatib uyga qaytgan Gandi onasi uning kelishidan bir necha hafta oldin vafot etganini eshitadi. Bombeyda biroz vaqt advokatlik bilan shug‘ullangan Mohandas bu sohada muvaffaqiyat qozona olmaydi va hind firmasiga yurist bo‘lib ishga kiradi. Keyinroq esa firmaning Janubiy Afrikadagi ofisiga yuboriladi.
Satyagrahaning paydo bo‘lishi
Janubiy Afrikaga kelgan Gandi bu yerdagi diskriminatsiyadan hayratga tushadi. Durban shahridagi sudda sudya undan boshidagi sallasini yechib qo‘yishni talab qiladi. Gandi bundan norozi bo‘lib, sud zalini tark etadi. Pretoriyaga ketuvchi poyezdda esa uni oq tanli yo‘lovchiga joy bermagani uchun birinchi klass kupedan haydab chiqarib, kaltaklashadi. Poyezddagi voqea Gandi hayotidagi tub burilish nuqtasi bo‘ldi. Tez orada u rasmiylarga qarshi norozilik harakati sifatida satyagraha — zo‘ravonliksiz passiv qarshilik ko‘rsatish tushunchasini ishlab chiqa boshlaydi.1906-yil Transvaal hukumati mamlakatdagi hind aholining nikohlarini tan olmaslik va ularni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror chiqargandan so‘ng Gandi hukumatga qarshi sakkiz yil davom etgan “satyagraha”(haqiqat va qat’iylik) deb nomlangan birinchi fuqaroviy norozilik kampaniyasini boshlaydi. 1913-yil, norozilikning so‘nggi bosqichida yuzlab hindlar, jumladan ayollar ham qamoqqa tashlandi, qarshilik ko‘rsatgan hind konchilari ayovsiz kaltaklanadi va hatto otib tashlanadi. Biroq Buyuk Britaniya va Hindiston bosimi ostida Janubiy Afrika hukumati norozilik yetakchilari Gandi va general Yan Kristian Smutsning kelishuv shartlarini qabul qiladi. Bu kelishuv hindlarning nikohlarini tan olish va ular uchun solingan soliqni bekor qilish kabi imtiyozlarni o‘z ichiga olardi.
Qarshilik harakati yetakchisi
1914-yil Birinchi jahon urushi boshlangach Gandi Hindistonga qaytadi. 1919-yil u parlamentning Roulat aktini (britaniyaliklarga siyosiy faollarni sudsiz hibsga olishga huquq bergan) qabul qilishiga javoban norozilik kampaniyasini uyushtiradi. Ammo zo‘ravonliklar boshlanib ketgach (xususan, Amritsar shahrida to‘rt yuzga yaqin hind otib tashlanadi) vaqtinchalik chekinishga qaror qiladi. Aynan Roulat qonuniga qarshi kampaniyadan so‘ng Gandi Hindiston mustaqillik harakatining eng ko‘zga ko‘ringan yetakchisiga aylanadi.Gandining zo‘ravonliksiz qarshilik ko‘rsatish harakati Hindistondagi barcha din va sinflar tomonidan qabul qilinadi. Mahatma Gandi Britaniya mustamlakachi hukumatiga umumiy boykot e’lon qilib, amaldorlardan Britaniya toji uchun ishlashni, talabalardan davlat ta’lim muassasalariga borishni, askarlardan mustamlakachi hukumatga xizmat qilishni, fuqarolardan soliq to‘lashni va Britaniya tovarlarini sotib olishni to‘xtatishni so‘radi. Shuningdek u Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan kiyimlar sotib olish o‘rniga ko‘chma yigiruv g‘ildiragidan foydalanishni boshlaydi. Tez orada yigiruv g‘ildiragi Hindiston mustaqilligining ramziga aylanadi.
Gandining harakatlariga javoban Britaniya hukumati uni qo‘zg‘olon ko‘tarishga urinishda ayblaydi va 1922-yilda olti yilga ozodlikdan mahrum qiladi. Biroq ko‘richak jarrohligidan so‘ng, 1924-yili Gandi qo‘yib yuboriladi. Qamoqdan chiqqach Gandi Hindistonning musulmon va hinduiy aholisi o‘rtasidagi munosabatlar o‘zgarganini ko‘radi va birdamlikka chaqirish uchun uch haftalik ochlik e’lon qiladi. 1920-yillar oxirida Gandi siyosiy hayotdan biroz chekindi.
Tuz yurishi
1930-yili Buyuk Britaniya hukumati Hindistonda tuz to‘g‘risida qonun qabul qiladi. Unga ko‘ra hindlarga tuz yig‘ish va uni sotish taqiqlanadi, mamlakatda davlatning tuz monopoliyasi o‘rnatiladi. Shundan so‘ng Gandi siyosatga qaytishga qaror qiladi va “satyagraha”ning yangi kampaniyasi — tuz yurishini uyushtiradi. Tarafdorlari bilan Arab dengizi tomon yo‘l olgan Gandi dengiz bo‘yida qonunga zid tarzda dengiz suvidan tuz pishirishni boshlaydi. Unga butun mamlakat, ayniqsa qashshoq sinflar ergashadi. Natijada “tuz yurishlari”da qatnashgani uchun mamlakat bo‘ylab oltmish mingdan ortiq hindlar qamoqqa olinadi, jumladan Mahatma Gandi ham.“Tuz yurishlari” Gandini dunyoda mashhur insonga aylantiradi. 1930-yil Time jurnali Gandini “Yil odami” sifatida e’tirof etadi.
Gandi 1931-yilning yanvar oyida ozodlikka chiqariladi va Britaniyaning Hindistondagi general-gubernatori Lord Irvin bilan muzokaralar o‘tkazib, minglab siyosiy mahbuslarni ozod qilishga erishadi. Kelishuvga ko‘ra tuz to‘g‘risidagi qonun bekor qilinmaydi, ammo qirg‘oq bo‘yida yashovchi hindlarga tuz yig‘ish huquqi beriladi.
Londonga tashrif
1931-yil Gandi o‘zi boshchilik qiluvchi Hindiston Milliy Kongressining yagona vakili sifatida Londondagi “Aylana stol” konferensiyasiga tashrif buyuradi. Konferensiya davomida Buyuk Britaniyaning Hindistonga mustaqillik berishga tayyor emasligi aniq bo‘ladi. Qolaversa ko‘plab musulmon va sikx delegatlari Gandi tomonidan ilgari surilgan yagona Hindiston g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydi.Natijada hafsalasi pir bo‘lgan Gandi Hindistonga qaytadi va norozilik harakatlarini davom ettiradi, ammo biroz o‘tib Hindistonning yangi general-gubernatori Lord Villingdon repressiyalari tufayli yana qamoqqa tashlanadi. 1934-yil qamoqdan chiqqach Gandi Milliy Kongressni tark etadi, partiya rahbarligini Javaharlal Neru egallaydi. Gandi yana siyosatdan uzoqlashadi, lekin aholining eng quyi tabaqalari huquqlari uchun kurashishni davom ettiradi.
Mustaqillik
Ikkinchi jahon urushi davom etar ekan, Gandi Buyuk Britaniya Hindistonga mustaqillik berishi uchun “Hindistonni tark et” harakatini boshlaydi. Ammo konservator bosh vazir Uinston Cherchil “Men Britaniya imperiyasini tugatish uchun qirolning bosh vaziri bo‘lmadim” deya ta’kidlab, Gandi va boshqa ozodlik harakati a’zolarini hibsga olishga buyruq beradi. O‘n to‘qqiz oylik qamoqdan so‘ng Gandi sog‘lig‘i yomonlashgani uchun ozod qilinadi.Buyuk Britaniyada 1945-yilgi parlament saylovlarida Leyboristlar partiyasi g‘olib bo‘lgach, Hindiston Milliy Kongressi va Musulmonlar ligasi bilan Hindiston mustaqilligi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni boshlaydi. Nihoyat 1947-yil Hindistonga mustaqillik beriladi, ammo mamlakat ikki davlatga ajratiladi: Hindiston(asosiy aholisi hinduiylar) va Pokiston(asosiy aholisi musulmonlar). Gandi bo‘linishga dastlab keskin qarshi chiqadi, biroq u mustaqillikdan keyin hindlar va musulmonlar ichki tinchlikka erishadi degan umidda ajralishga rozi bo‘ladi. Shuningdek Gandi ularni birlashtirishga kuch bilan harakat qilishni yoqlamasdi.
Zo‘ravonliksiz kurash asoschisining zo‘ravonlik bilan o‘ldirilishi
Bo‘linishdan keyingi tartibsizliklar paytida Gandi hindlar va musulmonlarni birgalikda tinch yashashga chaqiradi hamda Kalkuttadagi tartibsizliklar tugamaguncha ochlik e’lon qiladi. Dehliga qaytgan Gandi Hindistonda qolgan musulmonlarning huquqlarini himoya qilish uchun yana ochlik e’lon qiladi. Qarib qolganiga qaramay Gandi Bengaliyaga safar qilishni rejalashtiradi. Shu paytga qadar hindlar uchun kurashgan buyuk Gandi endilikda musulmonlar uchun ham kurashayotgan edi. Hindiston hukumatining Pokistonga to‘lashi kerak bo‘lgan tovonning to‘lmasligiga javoban Gandi yana ochlik e’lon qiladi. Buyuk yetakchiga hurmat ko‘rsatmaslikning iloji yo‘q edi, tovon to‘lab beriladi. Gandining bu harakatlari hind fanatiklari tomonidan musulmonlarga yon bosish, xiyonat sifatida ko‘riladi.1948-yil 20-yanvar kuni Gandiga suiqasd uyushtiriladi, ammo u tirik qoladi. Ozodlik asoschisining atrofida noxush vaziyatlar ko‘payayotganini sezgan Hindiston politsiyasi Gandiga shaxsiy himoya taklif qiladi, biroq buyuk qalb sohibi “shaxsiy xavfsizlikni ozodlikka boy berayotganlarning yashashga haqqi yo‘q” deya taklifni rad qiladi. 30-yanvar kuni bir necha haftalik ochlikdan zaiflashib qolgan Gandi nevaralari hamrohligida Dehlidagi uyidan ibodatxonaga qarab yo‘lga chiqadi. Uning oldiga kelib ta’zim qilgan minglab insonlar ichida bo‘lgan Naturam Godse ismli hind ekstremisti buyuk yo‘lboshchiga qarata yarim avtomatdan uch marta o‘q uzadi. Umr bo‘yi zo‘ravonlik qilmaslikni targ‘ib qilgan pasifist Mohandas Karamchand Gandining hayoti shu tariqa zo‘ravonlik yakun topadi. Qotil Godse va sherigi bir yil o‘tib osiladi, fitnaning boshqa a’zolari umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.
O‘z xalqi ozodligi va tinchligi uchun kurashgan bu inson dunyoda tinch norozilik ko‘rsatish va bag‘rikenglik ramzlaridan biri bo‘lib qoldi. Uning satyagraha g‘oyasidan Janubiy Afrikada Nelson Mandela, AQShda Martin Lyuter King ilhomlandi va foydalandi. Mahatma Gandi nafaqat XX asrning, balki insoniyat tarixining eng ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblaridan biri hisoblanadi.
Izoh (0)