Bugun, 22-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ldi. Tashrif doirasida yetakchilarga madaniy dastur namoyish qilindi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari turkman xalqi milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan “Avaza” kongress markazi yonidagi maxsus maydonga borgan.

Mehmonlarga “Galkinish” milliy ot sporti jamoasi axaltaka zotli tulporlarining chiqishlarini namoyish etgan.

Dunyoga mashhur “Galkinish” ot sporti guruhi bu yil Monte-Karloda bo‘lib o‘tgan 47-xalqaro sirk festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin mukofotga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Istanbulda o‘tkazilgan Xalqaro etnosport festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, deyiladi manbada.

Gurbanguli Berdimuhamedov o‘zbek xalqiga chuqur hurmat-ehtirom ramzi sifatida Shavkat Mirziyoyevga to‘kin-sochinlik va farovonlik ramzi bo‘lgan tuya va bo‘taloqni sovg‘a qilgan.

Avvalroq yetakchilar uchrashib, qator masalalarda muzokaralar o‘tkazgani, ko‘plab kelishuvlarga erishgani xabar qilingandi.
Izoh (0)