Yangi o‘quv yili boshlanishi talabalar qaysi bosqichda tahsil olishiga qarab turlicha belgilandi. Bu bo‘yicha oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i tasdiqlangan.

Buyruqqa ko‘ra, oliygohlarning 1-bosqich talabalariga darslar 3-sentyabrdan, yuqori kurslarga 8-sentyabrdan boshlanadi.
Akademik litseylarning barcha bosqich o‘quvchilari ham 3-sentyabrdan darslarda qatnasha oladi.
Oliy taʼlim tashkilotlarida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar uchun “Kredit taʼlimi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlari tashkil etiladi, deyiladi manbada.
Manba haftalik doirasida talabalar oliygoh faoliyati bilan tanishtirilishi, ularga kredit-modul tizimi mazmun-mohiyati va afzalliklari tushuntirilishini qayd etgan.
Avvalroq O‘zbekistonda yakuniy tanlov natijalari (mandat) e’lon qilingandi. Mamlakatda 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun 732 ming 411 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgandi. Oxirgi 7 yildagi abituriyentlar soniga qaralsa, joriy yilda ro‘yxatdan o‘tganlar eng kam miqdorni tashkil etdi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida sirtqi shaklda o‘qishga qabul to‘liq to‘xtatildi. Sirtqi taʼlim o‘rniga kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Izoh (0)