3-may kuni Amazonka botqoqliklaridan 5 kishi 36 soatdan so‘ng qutqarib olindi. Ular uchgan samolyot alligatorlar to‘la botqoqqa favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan. Bu haqda BBC xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, omon qolganlar orasida uch nafar ayol, bir bola va 29 yoshli uchuvchi bor. Ularning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda. Boliviya politsiyasi 2-may kuni samolyot radarlardan g‘oyib bo‘lgach, qidiruv ishlarini boshlagan.
Uchuvchiga ko‘ra, Bauresdan Trinidad shahriga uchayotgan samolyot dvigatelida nosozlik kuzatilgan. Shu sababli aviatexnika to‘satdan pastlay boshlagan. Samolyot Itanomas daryosi yaqiniga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Alligatorlar yo‘lovchilarga 3 metr yaqinlashganidan so‘ng ular samolyot ustiga chiqib olgan. Uchuvchining aytishicha, samolyotdan benzin sizib chiqishi yirtqichlarni odamlarga yaqinlashtirmagan. Bundan tashqari, yo‘lovchilar ularni qo‘rqitish uchun telefon chiroqlaridan ham foydalangan. Suvda anakonda ham bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Qutqaruvchilar kelgunicha yo‘lovchilar o‘zlari bilan olib kelgan mahalliy maniok unini yeb jon saqlagan. Ammo alligatorlar sababli ularning na suv ichishga, na qimirlashga imkoni bo‘lgan. Mahalliy baliqchilar samolyotni payqab qolganidan so‘ng yo‘lovchilarni shifoxonaga yetkazish uchun darhol vertolyot chaqirgan.
Izoh (0)