Bolalikdagi shuhrat — ko‘pchilik bardosh bera olmaydigan og‘ir sinov. Yoshligida mashhur bo‘lgan sovet aktyorlarining keyingi taqdiri qanday bo‘lgani haqida ma’lumot beramiz.
Dmitriy Iosifov — “Buratinoning sarguzashtlari”
Dmitriy Iosifov 9 yoshida Leonid Nechayevning “Buratinoning sarguzashtlari” nomli mashhur ertagida bosh rolni ijro etib, shuhrat qozondi. Bolaligida Iosifov figurali uchish bilan shug‘ullangan va aktyorlikni orzu qilmagan. U kastingga tasodifan kelib qoladi — dastlab uni Arlekin rolini ijro etishga tasdiqlashadi. Faqatgina rejissyor Leonid Nechayev bosh rolga bola topishdan deyarli umidini uzgandagina Iosifovni eslaydi.
“Buratinoning sarguzashtlari”dan keyin Iosifov yana Leonid Nechayevning “Qizil qalpoqcha haqida” filmida, Nikolay Lukyanovning “Kapitan Yolg‘onchi” filmida va boshqa filmlarda rol ijro etadi.
16 yoshida Iosifov VGIKda Aleksey Batalov kursida o‘qiydi. Yoshi tufayli uni rejissyorlik bo‘limiga qabul qilishmaydi, ammo keyinchalik u Belarus san’at akademiyasining rejissyorlik bo‘limini tamomlaydi.
1990-yillarda Iosifov Moskvaga ko‘chib borib, u yerda yirik brendlar uchun reklama suratga olish bilan shug‘ullanadi. Keyinchalik u “Qudrat”, “Diversant”, “Yelizaveta” kabi teleko‘rsatuvlar va seriallar ustida ishlashni boshlaydi. 2021-yilda esa Iosifov “Jahon chempioni” filmida shaxmatchi Mixail Tal rolini ijro etib, muxlislarida chin ma’noda nostalgiya tuyg‘usini uyg‘otdi.
Yuriy va Vladimir Torsuevlar — “Elektronikaning sarguzashtlari”
Yuriy va Vladimir Torsuevlar “Elektronika sarguzashtlari” filmida rol o‘ynagach, bir kechada mashhur bo‘lib ketishadi. Konstantin Brombergning bu asarida Yuriy Torsuev tinib-tinchimas Seryoja Siroyejkin rolini, ukasi Vladimir esa uning robot-egizagi rolini ijro etgan. Yodda qolarli qo‘shiqlar va fantastik syujetga ega bu film darhol sovet kinosining klassikasiga aylanadi.
Keyinchalik ular “Hovlimizdagi Bilmasvoy” filmida suratga tushishadi, ammo u “Elektronika” muvaffaqiyatini yaqiniga ham bora olmaydi. Ularga bo‘lgan qiziqish tobora susayib, oxir-oqibat butunlay yo‘qoladi. 1990-yillarda Torsuevlar kinodan ketib, turli sohalarda, jumladan, biznesda ham o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Hatto taksi haydovchisi bo‘lib ham ishlashadi.
Natalya Murashkevich (Gusyeva) — “Kelajakdan kelgan mehmon”
Natalya Gusyeva (turmushga chiqqach Murashkevich) Kira Bulichevning “Kelajakdan kelgan mehmon” fantastik romani asosida suratga olingan filmda Alisa Seleznyova rolini ijro etgan. Gusyevaning qahramoni butun bir avlodning ramzi va barcha sovet o‘g‘il bolalarining orzusiga aylangan. 80-yillarda Gusyeva jami beshta badiiy filmda suratga tushgan, biroq keyinchalik uning karyerasi kutilmagan yo‘nalishga burilgan. Burilish nuqtasi uning “Avariya — militsioner qizi” filmida suratga tushishni rad etishi bo‘lgan. Gusyeva o‘z qarorini Alisa Seleznyovaning yorqin obraziga putur yetkazishni istamasligi bilan izohlagan.
Aktyorlik o‘rniga u ilm-fanni tanlagan. Keyinchalik Gusyeva hech qachon aktyorlikka jiddiy qaramaganini, lekin biologiya uni chindan ham qiziqtirganini tan olgan. U Moskva davlat universiteti biotexnologiya kafedrasini tugatgan va virusolog sifatida faoliyat yuritgan.
2008-yilda u “Liteyniy” serialining bir epizodida rol o‘ynab, ekranlarga qaytdi. Biroq u Alisa Seleznyova obrazida yashashda davom etmoqda. 2024-yilda Aleksandr Andryushchenkoning “Yuz yil oldinga” filmi ekranlarga chiqdi. Alisa rolini Darya Vereshchagina ijro etdi. Kolya Gerasimov rolini esa Mark Eydelshteyn gavdalantirdi. Shuningdek, filmda Konstantin Xabenskiy, Yura Borisov, Aleksandr Petrov va boshqa ko‘plab aktyorlar ham rol o‘ynadi.
Izoh (0)