“Baxt ovchisi” serialidagi Zulya roli bilan tanilgan aktrisa va teleboshlovchi Barchin G‘ofurovaning asl ismi Umida. Bolaligida otasi tashlab ketgan Barchin bugunga qadar bolalik jarohatlari bilan yashaydi. Onasi saratonga uchragan, sevgan yigiti tomonidan katta pulga chuv tushgan hamda qomati tufayli turli haqoratlar eshitgan aktrisaning hayot yo‘li bir tekisda emas. U salbiy rollari tufayli ayollar tomonidan o‘ldirish bilan ham tahdidlarga uchragan.
Barchin G‘ofurova bu yil 35 yoshni qarshiladi.
“Raqqosa bo‘lishimga qarshi bo‘lishgan”
1990-yilda Toshkentda tug‘ilgan Barchinning bolaligi Qashqadaryoda o‘tgan. U Qarshi shahridagi maktabda tahsil olgan.

— Ota-onam asli qashqadaryolik bo‘lishgan, ammo men Toshkentda tug‘ilganman. Bolaligimdan raqqosa bo‘lishni orzu qilardim. Ammo oila a’zolarim bu kasbni egallashimga jiddiy qarshilik qilishdi. Hech bo‘lmasa aktrisa bo‘lishimga ruxsat beringlar, deb O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining drama aktyorligi bo‘limiga hujjat topshirganman. Afsuski, o‘sha yili shartnoma pulini to‘lolmaganim uchun o‘qishdan chetlashtirishgan. Bir yildan so‘ng yana hujjat topshirib, byudjet asosida o‘qishga qabul qilinganman. Ayrimlar o‘ylagandek, san’atga begona inson emasman. Institutni bitirib, O‘zbekiston davlat Satira teatrida ham ishladim, deya eslaydi aktrisa.
“Ijara uyda yashash azobini bilaman”
Barchin talabalik yillari haqida gap ketganida, Saida Rametovaga xizmat qilib, u kabi bo‘lishni orzu qilgani haqida eslaydi.

— Oilada ikki farzandmiz. Ukam ikkimizning bolalik yillarimiz havas qilgudek o‘tgan. Afsuski, maktabni bitirish arafasida ukamda jiddiy xastalik aniqlandi. Onam uyimizni sotib, ukamni davolatishga qaror qildi. U kunlarni eslash juda og‘ir. Shukrki, ukam Pragada uzoq vaqt davolanib, kasallikdan butunlay xalos bo‘ldi. Ammo ijara uyda yashash oson emasdi. Yashirmayman, puldan qiynalganim uchun darsdan keyin oshxonalarda ishlashimga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining eski binosi yaqinida “Gap” kafesi bor edi. Har kuni darsdan keyin ofitsiantlik qilardim. Uning doimiy mijozlaridan biri aktrisa Saida Rametova edi. Men ham shu inson kabi aktrisa bo‘lolamanmi deb orzu qilardim. Orzum Ozod Shamsning “Ishq o‘yinlari” serialida amalga oshdi, deydi Barchin G‘ofurova.
“Rol uchun beradigan pulim yo‘q”
Barchin G‘ofurova rejissyorlar uni rolga tasdiqlashlari uchun behayo takliflari-yu, pora so‘rashlariga jimgina ko‘z yuma olmaydi.

— Ayol san’atkorlarga juda qiyin. Bitta rolga erishguncha bema’ni takliflar va kamsitilishlarga chidash kerak. Yashirmayman, mendan ko‘plab rejissyorlar rol uchun pul so‘rashgan. Shu bois ko‘plab kastinglardan “To‘rt yil nega aktyorlik bo‘yicha o‘qidim”, deb jahl qilib chiqib ketganman. Chunki u paytdagi moddiy ahvolim og‘ir edi. Teatrdan oladigan 500—600 ming so‘m oyligim ijara uy va yeb-ichishimdan ortmasdi.
Hayotimga kutilmagan tashvishlar ko‘p bora soya solgan. Shulardan biri 2015-yili 25-may kuni sodir bo‘ldi. O‘shanda teatrda “Qo‘sh arava” spektaklining tayyorgarlik jarayoni edi. Onam qo‘ng‘iroq qilib, metroning Abdulla Qodiriy bekatida yiqilib jarohat olganini aytdi. Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay, yugurib sahnadan chiqib ketdim. Kelsam onam metrodan chiqish eshigi oldida yiqilgancha o‘tiribdi. Birorta inson qo‘lidan tutib, nega yiqilganining sababini so‘ramagan, bekat xodimlari ham tez yordamga qo‘ng‘iroq qilishmagan. Zaxda shuncha payt qolib ketgan onamga achindim va tez yordamga qo‘ng‘iroq qildim. Suyak singani uchun onam ancha qiynaldi. Operatsiya qildirmasa, yurolmay qolishini aytishdi, ammo menda yetarli pul yo‘q edi. Shunda qarindosh-urug‘lar va teatrdagi hamkasblarim ozgina pul yig‘ib berishdi. Umarali Barotovich degan shifokor ahvolimni ko‘rib, “Menga pulingiz kerak emas”, deganda, quvonganimdan onam yurib ketsa, butun shifoxonaga osh tarqataman, deb niyat qilgandim. Shukrki, niyatim ko‘p o‘tmay amalga oshdi, deya xotirlaydi aktrisa.

“Zulya rolini o‘ynayotgan vaqtlarim onam saratonga chalindi”
“Baxt ovchisi” serialidagi Zulya Bositovna roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Barchin G‘ofurova bu rolga nima sababdan rozi bo‘lgani va suratga olish ishlari yakunlanmay, onasining og‘ir xastalikka chalingani haqida gapirdi.

— “Baxt ovchisi”ga taklif etishgan paytda moliyaviy jihatdan qiynalayotgan paytlarimiz edi. Sovitkichning ichi bo‘sh, hatto yeyishga nonimiz bo‘lmagan paytda serialdan taklif tushdi. Onam bilan maslahatlashganimda ssenariyni o‘qib “Ikkinchi xotin mavzusi ekan, nima qilasan endi. Tanlagan kasbing shu, rozi bo‘laver”, degan.
Filmning birinchi mavsumi uchun kunlik gonorarim 233 ming so‘m etib belgilangan. Ular bir oydan keyin gonorarimni ko‘tarishga va’da berishgan edi, ammo turli sabablarga ko‘ra bu amalga oshmadi. Kam pul berishsa ham rolimni yaxshi ko‘rganim uchun biror marta bundan noliganim yo‘q. To‘qqiz oy davomida bir oiladek bo‘lib ishladik. Vaqti kelsa, syomka uchun obyektlar topishga yoki rolga mos aktrisalarni tanlashga ham yordamlashdim.

Serialning birinchi mavsumi eng yuqori reytingni zabt etdi. Uning muvaffaqiyatidan xursand bo‘lib yurganimda onamning birdan tobi qochib kasalxonaga tushib qoldi. Onamga qo‘yilgan saraton tashxisi meni shok holatga tushirdi. Shifokorlar zudlik bilan kimyoterapiya muolajalarini boshlash kerakligini aytishdi. Uning bari katta mablag‘ talab etardi.
Shu bois ikkinchi mavsumda kunlik gonorarni 100 AQSH dollari qilishlarini so‘radim. Boshqa payt bo‘lsa unday qilmasdim, ammo onam va ukam kasal bo‘lib davolanayotganida 233 ming so‘m gonorarga ishlay olmasdim. Albatta, bu talabim hech kimga yoqmadi. Tanilib bo‘lgandan keyin shu-da, deganlar ham bo‘ldi. Hatto meni roldan chetlashtirib, yangi aktrisalar uchun kasting ham e’lon qilishdi. Ammo kanal rahbarlaridan biri bo‘lgan Sardor Komilov “Agar Barchinning rolini boshqa aktrisa ijro etadigan bo‘lsa, shuncha qilgan syomkalaring uchun haq to‘lamaymiz”, debdi. Shunday keyingina men bilan munosabatlarni tiklashga harakat qilishdi. Ammo ancha vaqtgacha rejissyor va ba’zi insonlar sovuq munosabatda bo‘lishdi, deydi aktrisa Barchin G‘ofurova.
“Men ijobiy rolda “yasholmayman”
Aktrisa “Baxt ovchisi” serialida erkaklarni yo‘ldan uruvchi, o‘z manfaati yo‘lida hech narsadan hayo qilmaydigan Zulya rolini ijro etgan. Yengiltak ayol roli ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.

— Ko‘pchilik meni “Baxt ovchisi” serialidan so‘ng tanidi. Ammo undan avval ham bir necha film va seriallarda suratga tushganman. “Qadam”, “Ishq o‘yinlari”, “Ojiza”, “Ona zamin” seriallarida ham o‘ziga xos rollarni ijro etganman. Ammo “Baxt ovchisi” serialidagi rolim omadli chiqdi. Aslida bu rolga “Afandining qizlari” jamoasidagi Nigora Abdullaxonova tayinlangandi. Ammo suratga olish jarayonlari boshlanishiga uch kun qolganda rolga tasdiqlandim. Men ijobiy rolda yasholmayman, salbiy rolni miriqib o‘ynayman.

Serialdagi Zulya rolimdan uyalmayman. Aksincha, shu yo‘lni tanlash ostonasida turgan ayollarga ta’sir etolgan bo‘lsam, xursand bo‘laman. Avvaliga ijtimoiy tarmoqlar rolimga nisbatan aytilgan nojo‘ya fikrlarga to‘lib ketdi. Hatto Instagram orqali “Seni o‘ldiraman, uyatsiz, rolingdan uyalsang bo‘lardi”, degan tahdidlar ham bo‘ldi. Ammo hozir ko‘pchilik tomoshabinlar rol mohiyatini tushunib, minnatdorlik bildirishyapti. Ayniqsa uy bekalari ko‘cha ayollari qanday yo‘l bilan erkaklarning ko‘ngliga yo‘l topishini serial voqealari asosida tushunishdi. Erlariga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishgan bo‘lsa ajabmas, deydi aktrisa.
Barchin G‘ofurova: “Otam sabab erkaklardan ko‘nglim qolgan”
Barchin G‘ofurova ham bir necha san’atkorlar singari ota mehridan ayro yashagan. U otasi sabab erkaklardan ko‘ngli qolgani va endilikda hayotida otasiga o‘rin yo‘qligini quyidagicha izohlaydi.

— Ota mehrini his qilishni istaganman, ammo kaminani bu baxtdan mosuvo qilishgan. U ukam ikkimizni bolaligimizda tashlab ketgan. Avvaliga ajrashishiga ko‘proq onam sababchi deb bilardim. Chunki u nihoyatda g‘ururli ayol. Ammo ulg‘ayib, yarashish taklifi bilan otamning oldiga borganimdan keyin fikrlarim o‘zgardi. U yangi oilasi borligi va boshqa bolalarning boshini silayotgani uchunmi, biz bilan yashashni istamadi. Ilgari otam o‘lgan deb bilardim. Chunki u biror marta bizdan xabar olganini onam ketma-ket jarrohlik amaliyotini boshidan kechirganda, ukam oshqozon saratoniga chalinib, uni davolatish uchun uyimizni sotganimizda ham, u inson xabar olmagan. Lekin otam bilan uchrashganda familiyangizda xalqqa tanilaman, degandim. Balki Barchin G‘ofurovani televizorda ko‘rganda ko‘nglidan nimalardir o‘tar, bu yog‘i menga qorong‘i. Ammo u inson sabab erkaklardan ko‘nglim qolgan, oila qurishdan ham qo‘rqaman, deydi aktrisa Barchin G‘ofurova.
O‘n to‘rt yoshimdan keyin dadamni ko‘rmaganman. Bir necha marta aloqalarni tiklashga harakat qildim. Ammo u inson munosabatlarni tiklashga harakat qilmagan. Intervyularning birida dadam haqida gapirganimdan keyin dadamning boshqa turmushidan bo‘lgan farzandlari Instagram orqali aloqaga chiqishdi. Ammo negadir yozgim kelmadi, deydi Barchin G‘ofurova.
“Badavlat insonning o‘ynashi emasman”
Barchin G‘ofurova hayotda uni qo‘llab-quvvatlovchi inson yolg‘izgina onasi ekani va u uchun jonini berishga tayyorligini aytib keladi.

— Ba’zilar o‘ylagandek, badavlat insonning qizi yoki o‘ynashi emasman. Faqat aktrisalikning ortidan pul topaman. Ukam Nyu Yorkda yashaydi. Ba’zi paytlarda moddiy yordam beradi. Onam bilan 300 AQSH dollari to‘lab, kichik kvartirani ijaraga olganmiz. Meni yengiltabiat deb o‘ylaydiganlar bir marta suhbatlashgach, hayotda Zulyaning aksi ekanimga amin bo‘lishadi. Nima qilay ijobiy rollarni ko‘p ijro etdim, ammo tomoshabinlar e’tiboriga tushgani yo‘q. Salbiy rolim esa tomoshabinlar e’tiborini tortdi. Onam san’atkor bo‘lmasa-da, bu sohaga qiziqadi. Mendan avval ssenariylarni o‘qib chiqadi, hatto rol uchun ham liboslarni o‘zi tanlaydi. Olti yuz ming nafaqa pulini ham o‘ziga sarflamay, menga liboslar sotib oladi.

Tashqi qiyofamni tez-tez o‘zgartirib turaman. Avval sochim qora va uzun edi, undan keyin sariq sochlarni tanladim. “Ishq o‘yinlari” seriali rejissyori Ozod Shams serial uchun sochlarimni kaltalatishimni so‘radi. Shu sabab uzun sochlardan voz kechganman, deydi aktrisa.
“Qulog‘imga kimdir, o‘zingni o‘ldir, deb shivirlardi”
Barchin bundan bir necha yil avval ismini o‘zgartirishiga sabab bo‘lgan voqea haqida aytib bergan.

— Ba’zi insonlarga ismi og‘ir keladi. Bundan bir necha yil avval men Umida edim, ma’lum sabablarga ko‘ra ismimni o‘zgartirishimga to‘g‘ri kelgan.
Gap shundaki, bir yigit bilan 9 yil sevishib yurganmiz. Uning oila a’zolari meni kelin qilishni istamagan. Aktrisa bo‘lganim uchun meni xohlashmagan. Shuning uchun ham ismimga “issiq-sovuq” qilishgan. Issiq-sovuqdan keyin men juda og‘ir ahvolga tushib qolganman. Buni biz tomonda “vos-vos” deyishadi. Bu narsa ta’sirida bir necha marta o‘z jonimga qasd qilishga urinib, tomirimni ham kesganman. Bu juda og‘ir vaziyat ekan. Ishonasizmi, mana yo‘l turibdi, men yo‘lning o‘rtasida turib, mashinaning tagiga o‘zimni tashlasam, qanday qilib o‘laman, deb o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Onam olib bormagan shifokori qolmadi, oxiri ular ham “Bu bizning kasalimiz emas” deyishdi.
Hushim o‘zimda emas. O‘sha yillari to‘yga chiqardim, miyam bitta o‘chib yonib, qo‘shib kuylab turgan joyimda “Bu yerda men nima qilyapman?”, deb o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Qulog‘imga kimdir “O‘zingni o‘ldir”, deb shivirlagan paytlari bo‘lgan. Shu tarzda 2018—2019-yillarda ismimni Barchinga o‘zgartirganman, deydi aktrisa.
Barchin G‘ofurova “alfons” yigitga aldangan
Aktrisa firibgar yigitning soxta muhabbatiga aldangan hamda suratga olish ishlaridan topgan pullarini unga berib kelgan.
-vma0qUff.avif)
— Onam kasal, tezroq oila qurishim kerak, deb ko‘p o‘ylardim. Atrofimdagi insonlar ham bu haqda ko‘p aytishdi. Onam qiynalib katta qildi, to‘yimni ko‘rish armon bo‘lmasin, deb o‘ylab, oxiri nomzodlardan birining oila qurish haqidagi taklifiga rozi bo‘ldim. Ammo u paytda uning oila qurib, ajrashganini ham bilmaganman. Avvaliga hammasi yaxshi edi. U bilan to‘y qilish, uyga mebel jihozlarini olish haqida ham o‘yladik. Avvaldan bozorga borsam, boshim og‘riydi, ammo unga qarshi bormay, bozordan xarid qildim. Hatto o‘sha paytda uning xohishiga ko‘ra sanʼatdan ketishga ham tayyor edim. Shu kungacha onamdan pul olmayman, ammo topganimni unga topshirishga odatlanganman. Shunday bo‘ldiki, topganimni onamga emas, u yigitga topshirdim. Cobalt mashinasiga borib to‘lov ham qildik. Serialga tushaman, kechga yaqin “buncha gonorar berishdi”, deb unga topshiraman. Ammo sekin-asta uning asl feʼl-atvori ko‘zga ko‘rindi. Avvaliga jahl qildi, undan keyin so‘kadigan bo‘ldi. Xullas, men uning asl yuzini ko‘rish uchun Telegram akkauntini o‘zimga ulab olishga majbur bo‘ldim. Balki, bu to‘g‘ri emasdir, ammo uning asliyatini bilish uchun shundan boshqa yo‘l yo‘q edi.

Undagi yozishmalar dahshat edi. Falonchi 50 AQSH dollari, pismadonchi 100 AQSH dollari deb yozilgan akkauntlar berilgan mablag‘larim qayerga ketayotganini ko‘rsatardi. Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi, ammo bu hammasi emasdi. Onam uchinchi darajadagi saraton kasalligiga chalingan. Bir necha yildan buyon davolanadi. Bir kuni u onamning kasallik varaqalarini so‘radi. Tanish shifokorga ko‘rsataman, deganidan quvonib, hammasini rasmga olib tashlagandim. Eng alam qilgani, u qog‘ozlarni ehson qiluvchi insonlarga tashlab, “Onam saratonning to‘rtinchi darajasi bo‘yicha davolanyapti. Bizga 3 000 AQSH dollari kerak”, deb yozgan ekan. Shuncha payt gaplashib yurgan bo‘lsak, biror marta “Mana buni onangga ishlat”, deb pul bermagan. Ammo uning qog‘ozlarini kimlargadir ko‘rsatib, yordam olgan.
O‘sha paytda syomkalardan tashqari, onlayn do‘konda model bo‘lib ishlardim. Bir oylik ishim uchun 300 AQSH dollari olardim. Ammo qiynalsam ham, onamni davolatish uchun birovdan yordam kutgan inson emasdim. U bo‘lsa odamlarni aldab, pul tilanib yurganini ko‘rganimdan keyin nafratim qo‘zidi. Orani ochiq qilib, yana bir bor erkaklarga bo‘lgan ishonchim so‘ndi.
Oradan ancha vaqt o‘tib, yonilg‘i quyish shoxobchasida uni ko‘rib qoldim. U meni ko‘rishi bilan o‘rindiqning pastiga kirib ketgudek bo‘ldi, deydi aktrisa Barchin G‘ofurova.
“Haqoratli gap-so‘zlar tufayli oshqozon operatsiyasini o‘tkazyapman”
Aktrisa Barchin G‘ofurova ortiqcha vazni tufayli o‘ziga bo‘lgan ishonchi tushib ketgani bois oshqozon kichraytirish operatsiyasini qildirgani haqida so‘zlab berdi.

— Bu qarorga kelishim juda qiyin bo‘ldi. Lekin bu amaliyotni o‘tkazmasam, oxir-oqibat meni depressiyaga olib borardi. Operatsiya qilgan vrachim Kuvaytdan. Instagram postlarim, rol o‘ynagan seriallarim izohiga turli haqoratli gaplar yozilayotgani sababli ushbu operatsiyani o‘tkazdim, deydi u.
Aktrisa amaliyotni o‘tkazishdan avval 88 kilogramm edi. U operatsiyasidan muvaffaqiyatli chiqdi, ammo amaliyotdan so‘ng qayta tiklanish unga qiyin kechdi. Shunga qaramay, aktrisa bugungi qomatidan mamnun.
Barchin va Sohib. Munosabatlar jiddiymi yoki shunchaki piar?
Barchin G‘ofurovaga o‘zidan bir necha yosh kichik yigit Sohib Rahmatullayev turmush qurish taklifini bergan. Ular hozirda juftlik sifatida ijtimoiy tarmoqqa video joylab keladi. Barchin G‘ofurova uni partnyorim deb ataydi.

Barchinga partnyori Sohib Rahmatullayev yaqin kunlarda umra safariga yo‘llanma sovg‘a qildi. Juftlik umra safarini ado qilib qaytdi. Bundan tashqari, ular o‘tgan yil davomida ham turli davlatlarga sayohat qilib keldi. Ammo ularning munosabati kuzatuvchilarini o‘ylantiradi — ular haqiqatan ham turmush quradimi yoki bu shunchaki piar?
Izoh (0)