Pensiya va nafaqalarni tarqatgan sayyor kassa xodimlarining xizmat sifati doimiy nazoratga olingan. Bu haqda OAV vakillari uchun Jizzax viloyatiga uyushtirilgan press-turda “Xalq banki”ga qarashli Call-markaz boshlig‘i Fazliddin Abdurahmonov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Fazliddin Abdurahmonovning aytishicha, pensiya va nafaqa tarqatgan xodimlarning xizmat sifati mijozlar bilan bog‘lanilgan holda tekshiruvdan o‘tkaziladi.
“Sayyor kassa xodimlarimiz belgilangan grafik asosida pensiya mablag‘larini tarqatgandan keyin, oy oxirida pensioner mijozlarimizga chiquvchi qo‘ng‘iroqlar qilib, xodimlarning xizmat sifatini tekshirish va boholash maqsadida so‘rovnoma o‘tkazamiz. Bu xizmat sifatini yaxshilash borasida qilinayotgan ishlardan biri hisoblanadi. Bizga bo‘layotgan eng ko‘p murojaat ham, albatta, pensiya va nafaqa masalasida. Pensiya mablag‘larini qaysidir mijozlarga vaqtida yetkazib berishga to‘g‘ri keladi. Ayrimlarining manzili vaqtincha o‘zgargan bo‘ladi. Agar mijozlar o‘z xonadonida yo‘qligi aniqlanib sayyor kassa xodimi tomonidan pullar yetkazib berilmasa, xodimlarimiz shu jarayonni nazoratga olib, pensiyani manzilgacha yetkazib borilishini ta’minlaydi. Pensiya masalasidan keyingi eng ko‘p murojaatlar esa bank kartalari va kredit bilan bog‘liq bo‘lmoqda”, – dedi bank xodimi.
Fazliddin Abdurahmonovning ta’kidlashicha, Call-markazda 68 nafar xodim ishlayotgan bo‘lib, ular murojaatlarni yil davomida uzluksiz qabul qiladi.
“Call-markazimiz umumiy ma’lumotlar, amaliyotlar, shikoyatlar hamda texnik qo‘llash yo‘nalishlarida 7/24 rejimida ish olib boradi. Boshqa banklardan farqli ravishda mijoz bizning operator bilan bog‘lana olmagan taqdirda, bank xodimi unga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanadi va xizmat ko‘rsatadi. Markazimizga bir kunda 2 mingdan ziyod murojaatlar butun respublika aholisidan kelib tushadi. Biz faqatgina pensiya va nafaqa yo‘nalishlarida emas, balki kredit, omonat, plastik, xalqaro pul o‘tkazmalari, yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish, mobil banking bo‘yicha konsalting xizmatlari va amaliyotlarni ham amalga oshiramiz”, – dedi bank mas’uli.
Avvalroq O‘zbekistonda 2022 - yil 1-maydan pensiya va nafaqalar miqdori 12 foizga oshirilgani xabar qilingandi.
Izoh (0)