Bundestag ikkinchi urinishda ko‘pchilik ovoz bilan xristian demokratlar yetakchisi Fridrix Mertsni Germaniya kansleri etib sayladi. Unga g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan 316 ta mutlaq ko‘pchilik ovozdan 325 nafar deputat ovoz berdi. Uning tayinlanishiga 289 nafar parlament a’zosi qarshi chiqdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Endi Merts va uning kabineti a’zolari federal prezident Frank-Valter Shtaynmayerdan lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi yorliqni olishlari kerak. Shundan so‘ng, Xristian-demokratik ittifoq va Xristian-ijtimoiy ittifoq (XDI/XSI) konservativ blokining muddatidan oldingi saylovlardagi g‘alabasidan keyin boshlangan hokimiyatga o‘tish jarayoni uzil-kesil yakunlanadi.
6-may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishning birinchi bosqichida siyosatchi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Unga oltita ovoz yetishmadi. Shunday qilib, GFR tarixida birinchi marta hukumat rahbari lavozimiga asosiy nomzod muvaffaqiyatli koalitsiya muzokaralaridan so‘ng birinchi urinishdayoq parlamentning qo‘llab-quvvatlashini qo‘lga kirita olmadi. Ikkinchi ovoz berishni “Yashillar” va “So‘llar” fraksiyalari bilan kelishilgan holda o‘sha kunning o‘zida o‘tkazishga qaror qilindi. Shu bilan birga, GFR Asosiy qonuniga ko‘ra, Bundestag 14 kun ichida boshqa nomzodni ham ilgari surishi va uni kansler etib saylashi mumkin edi.
E’tiborli jihati shundaki, hukmron koalitsiya tuzishga kelishib olgan XDI/XSI konservativ bloki va sotsial-demokratlar (SDP) birgalikda Bundestagda 328 ta mandatga ega. Bu esa birinchi turda Mertsga uning o‘z ittifoqchilari ovoz bermaganligini ko‘rsatadi.
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer saylovdan so‘ng Belvyu saroyida o‘tkazilgan marosimda Fridrix Mertsga kanslerlik lavozimiga tayinlanganligi haqidagi rasmiy yorliqni topshirdi.
Germaniyada muddatidan oldin parlament saylovlari 23-fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Unda birinchi o‘rinni Mertsning “Xristian-demokratik ittifoqi” va “Xristian-sotsial ittifoqi” (XDI/XSI, “Ittifoq”) bloki egalladi. Bo‘lajak kansler koalitsion hukumat tuzishi kerak.
Izoh (0)