Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmdagi “Urganch klaster”ning yangi korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Klasterning tashkil etilganiga besh yil bo‘lgan. Bugun u paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak tikishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan yaxlit “zanjir”. Uning tizimida 3 ming kishi ish bilan taʼminlangan.

Tadbirkor 8 500 gektar maydonda yetishtirilgan paxtani 100 foiz qayta ishlaydi. Buning uchun paxta tozalash va yog‘ zavodlari bor.

Shu kunlarda klasterning ip-yigiruv hamda mato to‘qish quvvati ortdi. Qo‘shimcha investitsiya evaziga yana ikkita korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi.

Korxonada o‘quv-tajriba markazi tashkil etilgan. Tikuvchi va dizayner-mutaxassislar avval shu yerda o‘qitilib, keyin ishga qo‘yiladi.

Bularning natijasida ishlab chiqarish hajmi sezilarli ortdi. Yiliga 10 ming 800 tonna atrofida ip-kalava va 3 million dona tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi fabrikalarda bo‘lib, ish jarayoni, tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning oylik maoshlari, mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.

Bu yerda tayyorlanayotgan yuqori sifatli kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Korxonaning yillik eksport salohiyati 28 million dollar atrofida.

Mahsulotlar turi va sifatini ko‘paytirib, eksport ko‘lamini kengaytirish, energiya tejamkorlik orqali mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Izoh (0)