Germaniyada Fridrix Merz boshchiligidagi XDI/XSI konservativ bloki Bundestagga muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan saylovlarda 28,5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Bu haqda Federal saylov komissiyasiga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.

“Germaniya uchun muqobil” (AfD) nomli o‘ta o‘ng partiya 20,8 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi, so‘l markazchi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) esa 16,4 foiz bilan uchinchi o‘ringa chiqdi. To‘rtinchi o‘rinda “Ittifoq 90”/“Yashillar” partiyasidan so‘l liberallar (11,6 foiz), beshinchi o‘rinda esa So‘l partiya (8,8 foiz) joylashdi.
Liberal Erkin demokratik partiya (EDP) va so‘l-populistik Sara Vagenknext ittifoqi (SSV) bundestagga kira olmadi. Saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchisi atigi 4,3 foiz, ikkinchisi esa 4,972 foiz ovoz to‘pladi, parlamentga o‘tish uchun zarur bo‘lgan 5 foizlik chegaraga yeta olmadi.
Olaf Shols munosabati
Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols 23-fevral kuni Fridrix Merz va XDI/XSI bloki bilan koalitsiya tuzish bo‘yicha shaxsan muzokaralar olib bormasligini va yangi hukumat tarkibiga kirmasligini ma’lum qildi.
U o‘z partiyasi GSDPning saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olib, natijani “achchiq” deb baholadi va buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Biroq, u o‘z iste’fosi haqida so‘z ochmadi. U XDI/XSI nomzodi Fridrix Mersni g‘alaba va yangi hukumatni shakllantirish vakolati bilan tabrikladi.
Shols, shuningdek, AfDning yuqori natijasi (taxminan 20%) uni jiddiy xavotirga solayotganini ta’kidladi.
Bu mamlakatda AfD kabi o‘ta o‘ng partiyaning bunday natijalarga erishishi biz hech qachon ko‘nika olmaydigan hodisadir, dedi kansler.
Fridrix Mers esa Germaniyaning yangi hukumatini 2025 yil 21 aprel — Pasxa bayramiga qadar tuzishga va’da berdi. Siyosatchi unga kim kirishi mumkinligi haqida gapirishdan bosh tortdi, biroq uning partiyasi AfD bilan birgalikda mamlakatni boshqarmasligini ta’kidladi.
Izoh (0)