Xitoydagi kasalxona yonib ketishi oqibatida 29 kishi, jumladan, bemorlar, ularning oila a’zolari va tibbiyot xodimlari halok bo‘ldi. Bu haqda China Daily xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in 18-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida Changfeng kasalxonasining statsionar bo‘limida sodir bo‘lgan. Qutqaruvchilar voqea joyiga yetib kelganidan keyin 30 daqiqa ichida yong‘inni o‘chirgan. 2 soatdan so‘ng qidiruv-qutqaruv operatsiyasi to‘liq yakunlangan.
Kasalxonadagi 71 nafar bemor evakuatsiya qilingan, biroq 29 kishi hodisa oqibatida halok bo‘lgan. Yong‘in qurbonlarining 39 nafari Pekin bo‘ylab to‘qqizta tibbiyot muassasasida davolanmoqda. Hozirda yong‘in sabablari o‘rganilmoqda, dastlabki sabablarga ko‘ra, yong‘inga ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgan.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in Pekindagi so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan eng halokatli voqeaga aylandi. 2017-yilda Pekin janubidagi yong‘inda 19 kishi halok bo‘lgan, 8 kishi jarohatlangandi.
Izoh (0)