Avval xabar qilinganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Neft va gaz sohasida ta’lim — ishlab chiqarish klasterini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman o‘tkazildi.
Ushbu anjuman O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, Uzbekistan GTL, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MChJ, O‘zbekiston neft va gaz sanoati muhandislari jamiyati hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamkorligida tashkil etildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-dekabrda Uzbekistan GTL zavodining tantanali ochilish marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisiga GTL zavodi hamda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi bazasida neft va gaz ta’lim klasterini tashkil etish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Atigi bir necha yil oldin Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida Uzbekistan GTL zavodi joylashgan yer maydoni quruq cho‘l edi. Qisqa vaqtda bu yerda dunyodagi beshinchi gigant korxona, gazni chuqur qayta ishlab, ekologik toza dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishga moslashgan kimyo klasteri qad rostladi. Uning qurilishi dunyo mamlakatlari eshiklari koronavirus pandemiyasi sabab bir-biri uchun yopilgan bir sharoitda davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori va ko‘rsatmalari asosida bitkazildi.
E’tiborlisi, bunday yirik majmua jahonda faqat 4 ta davlatda — Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan, xolos.
Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSh, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda yasalgan 10 mingdan ziyod uskunalar o‘rnatilgan. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyobdir.
Prezident tomonidan butun dunyo “yashil iqtisodiyot”ga o‘tayotgan bugungi kunda mazkur zavodda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga talab oshib borishini hisobga olib, xomashyo zaxirasini kengaytirish uchun geologik tadqiqotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Davlat rahbari bu kabi zamonaviy gigant korxonalarga chuqur bilimlarga ega, chet tillarini o‘rgangan, xorijda tajriba oshirgan mutaxassislar zarurligi, qolaversa, ular bilimli, shijoatli, o‘z ustida muntazam ishlovchi, lider yoshlarni tayyorlash zarurligiga qa’tiy e’tibor qaratdi.
“Neft va gaz sohasida ta’lim — ishlab chiqarish klasterini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro anjuman tashkiliy qo‘mitasiga 800 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar kelib tushdi. Ulardan 500 dan ortig‘i ishlab chiqarish korxonalarining malakali mutaxassislari, qolaversa, sohaning ko‘zga ko‘ringan olimlarini jalb qilingan holda saralab olindi va 2 bobli to‘plam ko‘rinishida chop etildi.
Anjuman ishida 40 dan ortiq Rossiya, Belorussiya, AQSh, Polsha, Latviya, Litva, Italiya, Ispaniya, Malayziya, Qozog‘iston, Qatar, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlaridan mutaxassislar, professor o‘qituvchilar, doktorantlar, magistrant va bakalavr bosqichida tahsil oluvchi talabalar o‘z ilmiy maqola va tezislari bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Ekologiya va atrof muhit muhofazasi bo‘yicha davlat qo‘mitasi, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Fanlar akademiyasi tarkibidagi ilmiy tekshirish institutlari, Oliy ta’lim vazirligi tasarrufidagi muassasalar rahbar va mutaxassislari, professor o‘qituvchilari hamda yetuk olimlari ishtirok etishdi.
Anjumanda Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan ko‘p yillik xalqaro aloqalarni olib borishda ko‘rsatgan jonbozligi va samarali hamkorligi uchun Qozon milliy ilmiy-tadqiqot universiteti, Neft va neft kimyosi fakulteti dekani, t.f.d., professor Bashkirseva Natalya Yurevnaga Toshkent kimyo-texnologiya institutining faxriy professori unvoni berildi.
Shu bilan birga Science Euroasia Professional assotsiatsiyasi direktori Anton Protasov bilan Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma imzolandi. Shartnomaning asosiy maqsadi, xalqaro ilmiy-texnikaviy konferensiyasiga kelib tushgan maqolalar va materiallarni Scopus xalqaro ilmiy bazasiga joylashtirishdan iborat. Bu o‘z navbatida butun dunyo olimlariga anjuman materiallari bilan tanishish imkonini beradi.
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, GTL mahsulotlarini ishlab chiqarish 2030-yilga borib 2 barobar o‘sadi. Shuni inobatga olib, mintaqada gaz kimyosi sanoatini rivojlantirish evaziga yanada yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Jumladan, gaz-kimyo zavodlari negizida alkilbenzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qo‘shimchalari, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, tekstil, charm va mebel, qurilish materiallari, elektrotexnika kabi sohalarda keng qo‘llaniladi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ushbu amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik loyihalarda respublika ta’lim muassasalarining malakali, bilimli yoshlari ishtirok etadi.
O‘tkazilgan anjuman sohaga malakali yoshlarni tayyorlash, ularni har tamonlama yetuk, ya’ni zamonaviy ishlab chiqarish laboratoriya qurilmalaridan tortib, to ishlab chiqarish jarayonlarida ishlatiladigan asbob-uskunlarni bemalol boshqara oladigan darajada tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi.
Ilmiy anjumanning ikkinchi bosqichida ishtirokchilar Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida joylashgan Uzbekistan GTL zavodiga tashrif buyurishdi.
Mehmonlarga zavodning tashkil etilish tarixi va uning bugungi holatiga kelishida matonat bilan xizmat qilgan ishchi xodimlar va xalqaro kompaniyalar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tashrif doirasida mehmonlar zavod ishlab chiqarish laboratoriyasi, dispetcherlik pulti hamda ishlab chiqarish sexlari bilan tanishtirildi.
GTL zavodiga tashrif xorijlik mutaxassislarda bir olam taassurot qoldirgan bo‘lsa, institut professor o‘qituvchilari dars jarayonida foydalanish uchun muhim ma’lumotga ega bo‘lishdi. Talabalar esa bunday zamonaviy zavodda faoliyat olib borishlari uchun chuqur bilimga ega bo‘lishlari kerak ekanligiga yana bir bor amin bo‘lishdi.
“Neft va gaz sohasida ta’lim — ishlab chiqarish klasterini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumani o‘z ishini yakunladi.
Kelgusida anjuman ishi materiallari asosida shakllantirilgan maqolalar, to‘plamlarda olim va mutaxassislar tomonidan berilgan takliflar o‘rganib chiqilib, ulardan ta’lim-ishlab chiqarish klasterining ishini to‘g‘ri tashkil etilishida unumli foydalaniladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati