2019-yilning boshidan O‘zbekistonda katta-kichik do‘konlarda va supermarketlarda tutqichli paketlarni bepul berish taqiqlandi. “Daryo” kolumnisti Abdulazizxon Akramov bu o‘zgarish haqida o‘z fikrini bildiradi va hamma ham paketni pulga sotib olishdan xursand emasligini ta’kidlaydi.
2019-yil O‘zbekistonning siyosiy hayotida bir qancha o‘zgarishlarni keltirib chiqaruvchi qonun, qaror va ilovalar qabul qilindi. Shulardan biri — 2003-yil 13-fevraldagi “Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish va tarqatish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, qonunning 189-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shildi:Polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning qiymatini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar qiymatiga qo‘shish, shuningdek, ularni o‘z tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno) taqiqlanadi.
Kundalik hayotimizda har kuni kerak bo‘ladigan bu paketlarni bepul sotishni taqiqlash kimga kerak bo‘ldi ekan? Masalan, men oilam bilan bu paketlardan turli maqsadlarda, xususan, uydagi turli chiqindilarni saqlash va ularni tashlash uchun ishlatar edim.
Albatta, inson manfaatlari hamma narsadan ustun. Bu qaror loyihasi Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tayyorlandi va muhokamaga qo‘yildi. Eng qizig‘i, bu muhokama natijasi ham sirli, tushunarsiz qilib ifodalangan. Bizga bepul paketlar kerak emas, tozalik kerak deb ovoz berganlar soni bepul paketlar kerak deganlar sonidan oshib ketishi g‘alati hol.
Rad etmayman, tabiatni asrash, u ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik barchamizning burchimiz. Bu qaror Qirg‘iziston, Turkiya, Rossiya va ko‘pgina Yevropa mamlakatlarida qabul qilingan. Ya’ni, jo‘nroq qilib aytganda, xorijiy tajribadan kelib chiqib ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Mana shu o‘rinda shu xorijiy tajribani o‘rganib chiqib o‘zbek xalqi turmushini birmuncha yengillashtiruvchi boshqa qarorlar ham chiqishi mumkin edi.
Masalan, ko‘pgina Yevropa davlatlaridagi kabi monopoliyaga butkul barham berish. Aytaylik, GM Uzbekistan mashinalarini qimmat narxga sotib olishdan qutqarib, chegaradan boshqa turdagi mashinalarni olib o‘tishga ruxsat berish. Bu qanchalik hayotimizni yengil qilishi mumkin edi.
Yoki Singapur tajribasidan kelib chiqib hukumatdagi amaldorlarni korrupsiyasiga o‘ta qattiqqo‘llik bilan kurashish, mahalliychilikni yo‘q qilish. Bu O‘zbekiston Osiyo yo‘lbarsi bo‘lishini tezlashtirishi, turmush darajamiz sezilarli yaxshilanishiga olib kelardi.
Yevropadagi sud jarayonlarni ochiq-oshkoraligi, amaldorlarning mol-mulki haqidagi deklaratsiya, matbuot erkinligi va himoyalangani, Facebook, YouTube tarmoqlari ochiqligi, eng kam ish haqini iste’mol savatchasini hisobga olgan holda to‘g‘ri to‘lanishi, byurokratizm to‘siqlari va, qo‘yingki, juda ko‘p sohalarimizga bolta urayotgan, ochiq-oshkor nohaqlik sodir etilayotgan jarayonlarga yo‘l ochuvchi holatlarni bartaraf etuvchi qonunlar qabul qilinsa yaxshiroq bo‘lardi.
Senat a’zolari xalq manfaati uchun nahot birlasha olmasa? Shu qarorlar shu kunlarda shart va zarurligini ular ham sezishar. Yoki aksinchamikin?
Shaxsan men bu qarorni navbatdagi biror supermarketlar tarmog‘i egalari lobbistlari tomonidan ilgari surilgan va xalq turmush darajasini yanada og‘irlashtiradigan qaror deb qabul qildim.
2019-yildan qabul qilingan aksar qaror chiroyli jaranglaydi, ammo xalqni — o‘rta va quyi qatlamdagilarni battar qiynaydi. Kichik xarajat ham xarajat, ular qo‘shilib borib, cho‘ntakka sezila boshlaydi.
O‘ylaymanki, gap faqat 300 so‘mlik tekin beriladigan paketda emasligini va xalq rozi bo‘lsagina davlat rivojlanishini qonun chiqarishga ma’sul insonlar unutmaydi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.
Izoh (0)