Amerikalik milliarder Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi butunlay ko‘zi ojiz odamlarning ko‘rish qobiliyatini tiklovchi texnologiya ustida ishlamoqda.

Yangi chip inson ko‘zidan ham ustun ko‘rish imkonini berishi mumkin.
Innovatsiya ko‘z va ko‘rish nervlari shikastlangan hollarda ularni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaning ko‘rish qobig‘iga ulanadigan texnologiyaga asoslangan. Dastlab, ko‘rish sifati ilk kompyuter grafikasi darajasida bo‘ladi, biroq vaqt o‘tishi bilan bu texnologiya “odamnikidan ustun” darajaga yetadi, deb yozdi Ilon Mask.
Ushbu ishlanma allaqachon miya va kompyuter o‘rtasida signallarni uzatish qobiliyatini namoyish etgan Neuralink platformasini rivojlantirishdagi keyingi qadam sifatida ko‘rilmoqda. Maskning kompaniyasi hozirda falaj odamlarga fikr kuchi bilan qurilmalarni boshqarish imkonini beradigan chiplarni muvaffaqiyatli o‘rnatmoqda.
Blindsight deb nomlangan optik neyron chipi haqida ilk bor 2024-yil mart oyida ma’lum bo‘lgan. O‘shanda Mask chip sinovlari ijobiy natija berganini va olimlar maymunning ko‘rishini tiklay olganini aytgandi. O‘sha yilning sentyabrida AQSH sog‘liqni saqlash vazirligi Blindsight’ga “inqilobiy qurilma” maqomini berib, uni odamlarda sinovdan o‘tkazishga ruxsat bergan.
Yaqinda Neuralink 2025-yil oxirigacha Blindsight chipini odam miyasi ichiga implantatsiya qilish bo‘yicha ilk operatsiyani o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. Mazkur loyiha nafaqat nevrologiya va oftalmologiya, balki butun biotexnologiyalar sohasida haqiqiy yutuqqa aylanishi mumkin.
Kelajakda Mask miya chipini o‘ziga ham o‘rnatishni rejalashtirmoqda: kelgusida u nafaqat elektronikani boshqarish, balki oyoq-qo‘llarga harakatchanlikni qaytarish, depressiya bilan kurashish va hatto miyani samaraliroq ishlashga majbur qilish imkonini beradi.
Milliarder 2025-yil oxiriga kelib sun’iy intellekt har qanday insondan aqlliroq bo‘lishini prognoz qilmoqda. Unga ko‘ra, sun’iy intellektning 2030-yilga borib barcha odamlarning intellektidan o‘zib ketish ehtimoli esa 100 foizni tashkil qiladi.
Izoh (0)