Dubayda o‘zbekistonlik ikki jinoiy guruh o‘rtasida keskin to‘qnashuv sodir bo‘lib, bu pichoqbozlik bilan yakunlangani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov BAA tomoni mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borayotganini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida yuzaga kelgan holat bo‘yicha aniqlik kiritish maqsadida diplomatlar Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“BAA tomoni mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini, 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi”, deydi matbuot kotibi.
Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
“O‘zbekiston fuqarolarini xorijda yurtdoshlarimiz sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, dedi Ahror Burxonov.
2024-yil 16-fevraldan boshlab Dubay O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz boradigan shaharlar qatoriga kirgandi. O‘zbekiston fuqarolari 30 kundan oshmagan muddatda BAA hududida bo‘lishi davrida viza talablaridan ozod etildi.
Izoh (0)