Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan Italiya bosh vaziri Jorja Melonining Markaziy Osiyo davlatlariga tashrifi qoldirildi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Jorja Meloni 25—26-aprel kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi rejalashtirilgandi. Italiya bosh vaziri 26—27-aprel kunlari Qozog‘istonda bo‘lishi kerak edi. Tashrifning so‘nggi kunida Ostona shahrida birinchi “Markaziy Osiyo—Italiya” sammiti bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. Unda Italiya bosh vaziri va besh respublika rahbarlari ishtirok etadi.
Ammo Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan tashrif qoldirildi. Tashrifning yangi muddatlari tomonlar o‘rtasida kelishib olinadi va bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Rim papasi 21-aprel kuni insult va yurak yetishmovchiligi oqibatida 88 yoshida vafot etdi. Pontifik o‘z vasiyatiga ko‘ra, Rimdagi Avliyo Mariya Majora bazilikasida tuproqqa dafn etiladi. Marosim 26-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning iyunida Italiyaga rasmiy tashrif bilan borganida ushbu mamlakat bosh vaziri Jorja Meloni bilan muzokara o‘tkazgandi. Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilingandi.
Izoh (0)