Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidenti Serjo Mattarellaning taklifiga binoan 7—9-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oliy darajadagi uchrashuvlar Rim shahrida bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari Italiya prezidenti Serjo Mattarella va bosh vazir Jorja Meloni bilan muzokaralar o‘tkazadi.
O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi bosh qarorgohi Italiya poytaxtida joylashgan Birlashgan Millatlar Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dunyuy bilan uchrashuv o‘tkazadi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi Milan shahrida bo‘lib o‘tadi – O‘zbekiston prezidenti Lombardiya provinsiyasi gubernatorini qabul qiladi hamda Italiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Bir necha kun oldin Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentining inauguratsiya marosimida ishtirok etgan, undan oldin esa amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonda bo‘lgandi. May o‘rtalarida O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo—Xitoy birinchi sammitida ishtirok etib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Izoh (0)