Daryo

Los-Anjelesdagi yong‘inlarning ehtimoliy sababchisi qo‘lga olindi 

Gumonlanuvchiga qotillik bilan teng keladigan jazo va umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin

2 daqiqa o‘qish59 176 ko‘rishlar0 izoh0

Amerika politsiyasi Los-Anjelesda yirik yong‘in uyushtirganlikda gumonlanayotgan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda NewsNation nashri shahar politsiya zobiti Shon Dinsga tayanib xabar bermoqda.

Los-Anjeles okrugi prokurori Natan Xoxmanning aytishicha, gumonlanuvchiga qotillik bilan teng keladigan jazo va umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

“Odil sudlov tez va shafqatsiz bo‘ladi, eng og‘ir jazo qo‘llaniladi”, deya ta’kidladi u.

Kaliforniya shtatidagi yong‘inlar 7-yanvardan beri davom etmoqda. Los-Anjelesda favqulodda holat e’lon qilindi. 100 000 dan ortiq aholi evakuatsiya qilish to‘g‘risidagi farmoyishni oldi. 10-yanvar holatiga ko‘ra, ofat tufayli 10 nafar odam halok bo‘lgan.

Favqulodda vaziyat tufayli, shuningdek, shaharda talonchilik avj oldi. NewsNation xabar berishicha, kamida 20 kishi talonchilikda ayblanib qamoqqa olingan. Yong‘in tarqalgan hududlarda tartibni saqlash uchun AQSH Milliy gvardiyasining 400 nafar askari jalb etilgan.

Mashhurlar istiqomat qiladigan Tinch okeani sohilidagi hududda evakuatsiya e’lon qilindi. NBC News ma’lumotlariga ko‘ra, bu hududda AQSH vitse-prezidenti Kamala Harrisning qarorgohi ham joylashgan. Shuningdek, aktyorlar Jon Gudman, Yudjin Levi va Billi Kristallning uylari ham shu yerda yonib ketgan. Yong‘in, bundan tashqari, amerikalik qo‘shiqchi va aktrisa Paris Hiltonning Malibudagi uyini ham vayron qilgan.

Financial Times Amerikaning JPMorgan banki tahlilchilarining dastlabki hisob-kitoblariga tayanib, sug‘urta kompaniyalarining yong‘in tufayli yo‘qotishlari 20 milliard dollarga, umumiy zarar esa 50 milliard dollarga yetishi mumkinligini yozgan.

Bayden yong‘inlar tufayli so‘nggi xorijiy safarini bekor qildi

Kaliforniya janubidagi keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sababli AQSH prezidenti Jo Bayden vakolat muddati tugashidan oldingi so‘nggi xorijiy safarini bekor qildi.

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyerning xabar berishicha, Bayden Los-Anjelesdan qaytgach, u yerda politsiya, o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar bilan uchrashgan, shundan so‘ng Italiyaga jo‘nashidan bir necha soat oldin safarga chiqishdan voz kechgan.

Bayden, shuningdek, yong‘inga qarshi federal chora-tadbirlarni boshqarishga e’tiborini qaratmoqchi ekanligini ta’kidlab, keyinroq qo‘shimcha ma’lumot berishini va’da qilgan.

Italiya va Vatikanga tashrif joriy yilning 9—12-yanvar kunlari bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan edi. Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, prezident Serjio Mattarella va Rim papasi Fransisk bilan uchrashuvlar rejalashtirilgandi. AP agentligining ta’kidlashicha, ushbu safar ramziy ahamiyat kasb etishi va ikkinchi katolik prezidentining faoliyatini yakunlashi lozim.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar