Bugun, 10-dekabr kuni Andijon viloyatining Izboskan tumanida prezident maslahatchisi o‘rinbosari hamda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligida sessiya bo‘lib o‘tdi va unda tuman hokimi ishdan olindi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Prezident maslahatchisi o‘rinbosari va Andijon viloyati hokimi ishtirokida o‘tkazilgan sessiyada viloyat hokimi qaroriga asosan tuman hokimi lavozimida faoliyat yuritayotgan Serobiddin Ismoilovni vazifasidan ozod etish masalasi ko‘rib chiqildi. Deputatlar tomonidan tasdiqlangan holda, tuman hokimi lavozimidan ozod etildi, — deyiladi hokimlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish ayni kungacha tuman hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Hojiakbar Umarovga yuklatilgan.
Serobiddin Ismoilov Izboskan tumaniga 2018-yildan beri rahbarlik qilib kelayotgandi.
Izoh (0)