Angren shahrida 18-aprel kuni Birinchi liga yangi mavsumining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda 2-tur doirasida “OKMK-Semurg‘” — “Andijon FA” (2:0) uchrashuvi ham o‘tkazildi.

Tadbirda o‘zbek futboli faxriylari Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov, O‘FA maslahatchisi Rahmiddin Zikriyayev va “OKMK” PFK prezidenti Abdulla Xursanov, “OKMK” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va taniqli futbol shahrlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayevlar ishtirok etishib, angrenlik futbol muxlislariga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.
Ushbu bahs katta futbol bayramiga aylandi. Bunga sabab “OKMK” jamoasi o‘zining 100 yoshli muxlisi — Anorboy ota Jalilovni taqdirladi.

Chorak asrdan so‘ng Angrenga qaytgan futbol muhitida Anorboy ota ham ishtirok etib, yangi jamoaga omad va yuqori natijalar tilab, duo qildi.

Taʼkidlash lozim, “OKMK” PFK uchun bunday fidokor muxlislar qadrlidir. Anorboy ota butun umrini jamoa o‘yinlaridan ko‘z uzmay, har bir lahzani chin dildan kuzatib kelayotgan muxlis hisoblanadi.

II jahon urushi faxriysi Anorboy ota Jalilov imkon topganida doimo stadionda bo‘lib, aksar hollarda esa oynai jahon orqali jamoaga chin dildan muxlislik qilib keladi.

Angrenga qaytgan katta futbol
Maʼlumki, Angren shahrida futbol sevishadi. Bunga sabab esa 2000 yillarda Angren “Semurg‘” jamoasining oliy ligadagi muvaffaqiyatli odimlari va yorqin o‘yinlari misoldir. O‘sha yillarda “Semurg‘” milliy chempionatimizning grandlari bo‘lgan “Neftchi”, “Navbahor”, “Paxtakor” jamoalari uchun kuchli raqiblardan biri edi. Angrenda Ilyos Zeytullayev, Aleksandr Geynrix, Islom Inomov kabi mashhur futbolchilari yetishib chiqqan...
Bundan tashqari, “OKMK” PFK qoshida “OKMK-Semurg‘" jamoasi tashkil etildi. O‘zida 8000 muxlisni sig‘dira oladigan “Kimyogar” stadioniga haqiqiy katta futbol qaytdi.
Izoh (0)