Abrorbek Ahmadaliyev Andijon viloyatining Izboskan tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

U mazkur tayinlovga qadar Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Abrorbek Ahmadaliyev mehnat faoliyati davomida viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi 1-toifali mutaxassisi, viloyat hokimligi axborot-tahlil xizmati bosh mutaxassisi, viloyat hokimligi moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha kotibiyatining mudiri, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat olib borgan.
Izboskan tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Elyorbek Karimov Andijon shahri hokimi lavozimiga tayinlangani haqida xabar berilgandi.
20-aprel kuni bir-biridan mustaqil “Daryo” manbalari Andijon shahri hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov lavozimidan ozod etilganini xabar qilgandi.
Unda aytilishicha, 19-aprel, shanba kuni G‘ofurjon Abdurahmonov viloyat hokimligiga chaqirtirilib, undan o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozib berish so‘ralgan. Bunga shahar bandlik bo‘limi boshlig‘ining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Hokimning ishdan olinishiga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi viloyat boshqarmasi Andijon shahar bo‘limi boshlig‘ining ish vaqtida kabinetida psixotrop modda iste’mol qilayotgani sabab bo‘lishi mumkin”, degan edi “Daryo” manbalaridan biri.
Andijon viloyati hokimi matbuot xizmati Rustamjon Eshonov shahar hokimining ishdan olingani haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va hech qanday rasmiy asosga ega emasligini bildirib, agar o‘zgarish bo‘lsa, xabar berilishini aytgandi.
Izoh (0)