2025-yilning oxiriga qadar Qozog‘istonda umumiy hajmi 180 million kub metr bo‘lgan suv omborlarini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu yil oxirigacha Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi qo‘shimcha 180 million kub metrgacha suv to‘plash imkonini beradigan suv omborlarini foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi suv omborlarini qurish va mavjudlarini qayta tiklash toshqinlarga samaraliroq qarshi kurashish hamda qishloq xo‘jaligi va sanoatda foydalanish uchun ko‘proq qor erigan suvlarni to‘plash imkonini beradi.
“Hozirgi vaqtda Qozog‘istonning janubi va shimolida suv omborlari, suv to‘plagichlar va hovuzlar qurilmoqda. Suv resurslarini boshqarish tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, 2030-yil oxirigacha Qozog‘istonda 42 ta yangi suv ombori qurish va 37 ta mavjud suv omborini qayta tiklash rejalashtirilgan. Bu qishloq xo‘jaligini barqaror suv bilan ta’minlaydi, suv toshqini xavfini kamaytiradi va transchegaraviy suvlarga qaramlikni pasaytiradi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mamlakatning shimoliy hududlarida yangi suv omborlari 216 ta aholi punktini suv bosishining oldini olgan holda 1,5 milliard kub metr toshqin suvini to‘plashga yordam beradi. Janubda esa sug‘oriladigan maydonlarni 295 ming gektarga kengaytirish imkonini beradi.
“Vazirlik ushbu loyihalarga investorlarni faol jalb etmoqda. Islom taraqqiyot banki bilan kelishuv mavjud bo‘lib, unga ko‘ra joriy yilda 4 ta yangi suv omborini qurish va 4 ta mavjud suv omborini qayta tiklashni boshlash rejalashtirilgan. ITB bilan hamkorlikning ikkinchi bosqichida 11 ta suv omborini qurish va 13 ta suv omborini qayta tiklash ko‘zda tutilgan”, deydi vazir Nurjan Nurjigitov.
Izoh (0)