Qozog‘iston hukumati 2024—2026-yillarda hajmi 2,4 kub kilometr bo‘lgan 20 ta suv ombori qurilishiga start berishni rejalashtirmoqda. Yangi obyektlar respublikaning to‘qqizta viloyatida quriladi. Bu haqda bosh vazir Alixon Smailov raisligida bo‘lib o‘tgan suv xo‘jaligi kengashi yig‘ilishida so‘z yuritildi, deb xabar bermoqda bosh vazir matbuot xizmati.
Mutaxassislarning fikricha, yangi suv omborlari qurilishi sug‘oriladigan yerlar maydonini 250 ming gektarga ko‘paytirish va 70 ta aholi punktida suv bosish xavfini kamaytirish imkonini beradi. Asosiysi, qurilgan suv omborlarining ishga tushirilishi Qozog‘istonning qo‘shni davlatlarga qaramligini 25 foizga kamaytiradi.
Hozir respublikaga suvning 46 foizi qo‘shnilaridan keladi.
Umuman olganda, Qozog‘istonda suv xavfsizligini ta’minlash uchun hukumat 2024—2030-yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini rivojlantirish kompleks rejasi loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatga ko‘ra, yuqoridagi obyektlarni qurish bilan parallel ravishda 15 ta mavjud suv ombori, shuningdek, sug‘orish tizimlarini keng ko‘lamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, mamlakatda sug‘orish kanallarini raqamlashtirishni yakunlash va strategik ahamiyatga ega Satpayev kanalini modernizatsiya qilish mo‘ljallanmoqda.
Kompleks rejani amalga oshirish quyidagilarga imkon beradi:
- suv resurslarini 3,7 kub kilometrga oshirish;
- sug‘oriladigan yerlar maydonini 2,2 gektarga oshirish;
- sug‘orish suvining yillik yo‘qotilishini uch kub kilometrga kamaytirish;
- 55 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan 41 ta aholi punktini suv bilan ta’minlash.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanishi rag‘batlantirilmoqda, shu munosabat bilan davlat tomonidan maxsus sug‘orish uskunalarini sotib olish loyihalariga subsidiyalar miqdori 50 foizdan 80 foizgacha oshiriladi. Buning natijasida sug‘oriladigan yerlar maydoni sezilarli darajada oshadi va kelgusi bir necha yil ichida 1,5 kub kilometrgacha suv tejaladi.
Qozog‘iston hukumati rahbari Alixan Smailov mahalliy kompaniyalar va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari bu jarayonda faol ishtirok etishi, suv sarfini aniqlash uchun kosmik monitoring tizimini ham ishlab chiqish kerakligini ta’kidladi.
“Har yili 150 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishimiz kerak. Hozir yiliga 40-50 ming gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, suv taqchilligi eng ko‘p bo‘lgan janubiy viloyatlarda amalga oshirish hajmi eng kichikdir”, — ta’kidladi bosh vazir.
Smailov bir qator muhim vazifalarni hal qilishni tezlashtirish zarurligini qo‘shimcha qildi:
- Milliy gidrogeologiya xizmatini yaratish;
- “Qozoqvodxoz”ni isloh qilish;
- Kaspiy dengizi muammolari institutini tashkil etish;
- Sug‘orish tariflarini tasdiqlash, tarmoq monitoringi va uni raqamlashtirishni o‘z zimmasiga oladigan tashkilotni aniqlash.
Yig‘ilishda statistik ma’lumotlar taqdim etildi, unga ko‘ra Qozog‘istonda 102,3 kub kilometr suv bor – 54 foizi respublika hududida hosil bo‘ladi. Iqtisodiyot tarmoqlarining yillik iste’moli taxminan 25 kub kilometrni tashkil etadi: 65 foizi qishloq xo‘jaligiga, 25 foizi sanoat ehtiyojlariga ketadi.
Respublikada 17 736 ta daryo va vaqtinchalik suv oqimlari, 4 024 ta ko‘l 4 540 ta buloq, 13 175 ta suv xo‘jaligi inshooti mavjud.