Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan mamlakatning bir qator qonunlariga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi yangi qonun imzolandi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.

Yangi hujjat jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish, ortiqcha byurokratik tartiblarni qisqartirishga qaratilgan.
Endilikda vakolatli organlar mamlakat miqyosida ustuvor sport turlari ro‘yxatini shakllantiradi, yuqori natijalarga yo‘naltirilgan sport turlarini aniqlaydi va ularni byudjet hisobidan moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
Ustuvor sport turlari xalqaro maydondagi natijalar asosida belgilanadi. Ular orasida Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiruvchi hamda milliy sport turlari ham bo‘ladi.
Shuningdek, sport federatsiyalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi takomillashtirildi. Endi federatsiyalar milliy va mahalliy toifalarga ajratiladi.
Yana bir muhim o‘zgarish: xorijlik legionerlarni byudjet hisobidan moliyalashtirish taqiqlanadi. Bu taqiq davlat byudjeti va kvazidavlat sektor subyektlari mablag‘larini qamrab oladi. Shaxsiy homiylik esa taqiqlanmagan.
Moliyalashtirish to‘rtta yo‘nalishda amalga oshiriladi:
- Ustuvor sport turlari;
- Davlat sport muassasalarining faoliyati;
- Ommaviy sportni rivojlantirish;
- Sport infratuzilmasini rivojlantirish.
Qonunga ko‘ra, antidoping qoidalarini buzganlar bo‘yicha choralar ko‘rish huquqi vakolatli organlarga beriladi.
2024-yil noyabr oyida deputat Asxat Aymag‘ambetov sportda legionerlar masalasida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish zarurligini aytgan edi. Unga ko‘ra, Qozog‘istonda hozirda 180 ga yaqin sport turi moliyalashtirilmoqda va mablag‘lar har tomonga “sochilib ketayotganini” ta’kidlagan. Shu sababli ustuvorlikka ega sport turlarini ajratib, mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish zarurligi qayd etilgan.
Izoh (0)