Toshkent shahrida o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, fuqaro Sh.S. (muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) tanishlari yordamida fuqaro D.A. va uning ikki nafar tanishini Qashqadaryodagi Axborot texnologiyalari va menejment universitetiga 3-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan. Buning evaziga 6 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Xorazm viloyatida fuqaro D.M. fuqaro D.I.ning ishonchiga kirib, unga Urganch davlat universiteti tomonidan berilgan akademik taʼtilini to‘g‘rilab, diplom olib berishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga 900 dollar va 1,3 mln so‘mni tanishi M.Ya. orqali olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro D.M. fuqarolar B.O. va A.B.ni aldab, ularning Qozog‘iston universitetidagi o‘qishini go‘yoki Qirg‘izistondagi xalqaro universitetga ko‘chirib, ushbu taʼlim muassasasini tugatganligi haqida soxta diplom tayyorlab berib, evaziga ularning jami 4,8 ming dollar olgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent kimyo xalqaro universitetining Samarqand filialiga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi “Abu Ali ibn Sino” nomidagi jamoat salomatligi texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan shaxslar aniqlangandi.
Izoh (0)