Qozog‘istonda 21-aprel kuni kechqurun noma’lum shaxs Chimkent hokimi o‘rinbosari Ruslan Berdenovga qarata o‘q uzdi. Amaldor o‘qotar quroldan yaralanib, kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Hodisa shahar hokimiyati binosi yaqinida yuz bergan. Jabrlanuvchining partiyadoshi Beybit Alibekovga ko‘ra, “zamhokim”ga uch marta o‘q uzilgan. U son va yelka qismidan o‘q jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Berdenov operatsiya qilingan, hayot uchun xavf yo‘qligi aytilmoqda. Hokim o‘rinbosarining hozirgi ahvoli og‘ir barqaror deb baholangan.
Jabrlanuvchining operatsiyadan keyingi tashxisi — o‘ng ko‘krak qafasining teshib o‘tuvchi o‘qotar jarohati, o‘ng o‘pka pastki qismining jarohatlari, qovurg‘alararo arteriyalar va diafragmaning ko‘plab shikastlanishlari, shuningdek, o‘ng tomonda gemopnevmotoraks.
Bundan tashqari, jigar shikastlanishi, qorin bo‘shlig‘idagi chuqur jarohatlar, ichki qon ketish, o‘ng buyrak, yelka va bilakning jarohatlari, tashqi qon ketish tashxisi qo‘yilgan. Plevropulmonal va gemorragik shok qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Holat yuzasidan suiqasd qilish fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov olib borilmoqda. Boshqa ma’lumotlar tergov manfaatlarini ko‘zlab oshkor etilmaydi.
Izoh (0)