15 yil avval asossiz ayblov bilan sudlangan Kamoliddin Muxtorovga oid ish Harbiy sudi taftish instansiyasi sudlov hayʼatining A.Jonqobilov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sudlov hayʼati Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy sudining 2010-yil 22-yanvardagi hukmi hamda Harbiy sud apellyatsiya instansiyasi sudlov hayʼatining 2021-yil 18-oktyabrdagi ajrimini bekor qildi. Jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli K.Muxtorov aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilindi va oqlandi.
Hodisa tafsilotlari quyidagicha bo‘lgan. K.Muxtorov xizmat qilayotgan harbiy qism xizmatchilari 2009-yilgi paxta mavsumida Sirdaryo viloyatiga safarbar etiladi. K.Muxtorovning nikoh to‘yi 21-noyabr kuniga belgilangandi.To‘yga ikki kun qolganida harbiy qismning yoqilg‘i-moylash mahsulotlari xizmati boshlig‘i K.Muxtorov ish joyiga qaytib keladi va taʼtil uchun bildirgi yozadi.
Bildirgiga qism komandirining taʼminot bo‘yicha o‘rinbosari I.Abdumo‘minov (guvohlarning ism-shariflari o‘zgartirildi), saf bo‘limi boshlig‘i S.Ibrohimov rozilik bildirib, imzo qo‘yadi. K.Muxtorov qism komandiri A.Baratovning xonasiga ruxsat so‘rab kirsa, u okrugda bo‘ladigan yig‘ilishga shoshilayotganini aytadi.
K.Muxtorov qism komandiriga to‘yga taklifnoma berib, taʼtil uchun bildirgi yozib kirganini aytadi. A.Baratov esa bildirgini stoli ustiga qoldirishini aytadi. K.Muxtorov bildirgisini stol ustida qoldirganini saf bo‘limi boshlig‘i S.Ibrohimovga aytib, 2009-yilning 20-noyabr kuni uyiga qaytadi.
Taʼtil muddati tugab, ish joyiga qaytib kelsa, xizmat taʼtiliga buyruq chiqmagani maʼlum bo‘ladi. Harbiy prokuratura K.Muxtorovni xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketganlikda ayblab, unga nisbatan tergov harakatlari olib boriladi.
Ish sudga o‘tadi va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy sudining 2010-yil 22-yanvardagi hukmi bilan K.Muxtorovga Jinoyat kodeksining 287-moddasi (harbiy qism yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish) 3-qismi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, pul taʼminotining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga xizmat bo‘yicha cheklash jazosi tayinlanadi.
Sud hukmi chiqqanidan so‘ng K.Muxtorov yana ikki yil o‘z vazifasida ishlagan. Shartnoma muddati tugab, yangisini tuzish muddati yetganida unga sudlanganligini ro‘kach qilib, xizmatdan ketkaziladi.
Taftish instansiyasi sudi qonun talablariga asoslanib, K.Muxtorovning shikoyatini qanoatlantirish lozim, degan to‘xtamga kelgan.
Izoh (0)