Sardoba suv omboriga 2021-yilning 1-mayigacha 350 million metr kub suv yig‘ish choralari ko‘riladi. Bu haqda suv xo‘jaligi vazirining matbuot kotibi Shuhrat Suyunov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, Sardoba suv omborida 218 million metr kub suv yig‘ilgan bo‘lib, 2021-yilning 1-mayigacha 350 million metr kub suv yig‘ish choralari ko‘riladi.
“Bu miqdordagi suvni to‘plab, suv omborini xavfsiz ekspluatatsiya qilish maqsadida suv ombori Suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Reja asosida qurilish va xavfsizligini ta’minlagan holda ishlatilmoqda. Ekspluatatsiya xarajatlari to‘liq respublika budjetidan qoplanayapti”, – dedi Shuhrat Suyunov.
Suyunovning so‘zlariga ko‘ra, suv omborini rekonstruksiya qilish maqsadida katta tajribaga ega xorijiy va mahalliy ekspertlar, loyihachilar jalb qilingan.
“Jumladan, Qozog‘iston tomoni bilan ham o‘rganilgan holda amalga oshiriladi. 17—21-fevral kunlari Qozog‘istondan tegishli ekspertlar suv omboriga kelib, ular ham ijobiy xulosa qilib qaytdi. Keyingi jarayonlarda ham qatnashish istagini bildirdi. Albatta, bu jarayon Sirdaryo va Jizzax viloyati aholisi, deputatlar va hudud rahbarlari bilan kelishib bajariladi”, – deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.
Ma’lumot uchun, Sardoba suv omboridan Markaziy tarmoq, Markaziy chap tarmoq va Markaziy o‘ng tarmoq kanallari orqali Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlariga, Jizzax viloyatining Arnasoy, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlariga suv yetkazib beriladi. Suv ombori orqali jami 123,1 ming gektar sug‘oriladigan ekin maydonlari suv bilan ta’minlanadi.
Avvalroq Sardoba suv ombori qayta qurilishi va bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Qarorga ko‘ra, obyektni qayta tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi.
O‘n minglab odamlar tinchini buzgan falokat
2010—2017-yillarda 1,2 trillion so‘m evaziga qurilgan, rasmiy OAV tomonidan “asr qurilishi” deb e’tirof etilgan Sardoba suv ombori to‘g‘onlaridan biri 2020-yil 1-may kuni yorilishi oqibatida yirik suv toshqini yuz bergan edi. Keyinchalik ushbu holat matbuot tomonidan “asr fojiasi” deya ta’riflandi.Toshqin vaqtida kamida olti kishi halok bo‘lgan, bir kishi — Milliy gvardiya xodimi bedarak yo‘qolgan. Qidiruv-qutqaruv tadbirlari davomida yuzlab odamlar xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Xususan, vertolyotlar yordamida toshqin hududida, suv qurshovida qolib ketgan 200 ga yaqin fuqaro qutqarilgan.
Toshqin oqibatida Sirdaryodagi 4710 ta xonadonga zarar yetgan, shundan 2211 ta uy yashash uchun butunlay yaroqsiz holga kelgan, 2499 tasi esa ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Ko‘plab yo‘llar, ko‘priklarga zarar yetgan, kommunikatsiyalar ishdan chiqqan, 6 ming uy hayvoni qurbon bo‘lgan, 20 ming gektar ekin yeri suv ostida qolgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev fojiadan so‘ng, 15-may kuni sirdaryoliklar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda toshqindan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga prezidentdan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, maishiy texnikalar to‘plami sovg‘a sifatida topshirilishini e’lon qilgan edi.
Bundan tashqari, rossiyalik o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov sirdaryoliklar uchun 10 million dollar xayriya mablag‘i ajratgan. Shuningdek, O‘zbekistonning barcha burchaklaridan va xorijdagi o‘zbekistonliklar tomonidan suv toshqinidan jabrlanganlar uchun xayriya yordamlari yuborilgan edi.
Qozog‘iston tomoni to‘g‘onning qayta tiklanishiga munosabati
Suv toshqini O‘zbekistondan tashqari Qozog‘istonga ham zarar yetkazgan — o‘zbekistonlik rasmiylar “suvning bir tomchisi ham” qo‘shni davlatga o‘tmasligi uchun har qancha harakat qilmasin, ofat 30 ming qozog‘istonlikning xavfsiz hududlarga ko‘chirilishiga, 14 ta aholi punktidagi yuzlab xonadonlar suv ostida qolishiga sabab bo‘ldi. “Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan juda ham xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz”, — degandi prezident Shavkat Mirziyoyev 5-maydagi chiqishida.O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi “Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, ikki mamlakat hukumat rahbarlari Sardoba suv omboridagi falokat masalasida muzokara olib borgan. Muloqot chog‘ida Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston suvga bo‘lgan minimal ehtiyojlarini hisobga olgan holda, suv omborini qayta qurishga qarshi emasligini bildirgan.
“Barcha aybdorlar qonun oldida javob beradi”
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 5-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Sardoba fojiasi bo‘yicha “barcha aybdorlar qonun oldida javob berishi”ni ma’lum qilgan edi.21-dekabr kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Sardoba suv omboridagi avariya bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Ish bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining “Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi” boshlig‘i lavozimida ishlagan M.Homatov va boshqalar — jami 17 kishi sudlanmoqda. Ular rastrata, suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, mansab soxtakorligi, qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.
Oliy sud matbuot xizmati bergan izohga ko‘ra, “ushbu jinoyat ishi bevosita davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli... yopiq tarzda ko‘rilmoqda”. Ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha alohida berilishi va’da qilingan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishiga loyiha hujjatlaridagi, qurilishdagi va ekspluatatsiya jarayonidagi xato va kamchiliklar sabab bo‘lgan. Xususan, to‘g‘onning xarsang tosh qoplamasi loyiha hujjatida belgilangan qalinlikdan kam, toshlar notekis va sifatsiz joylashtirilgan; suv ombori qurilishi 2-bosqichi davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmagan bo‘lsa-da, uning to‘la hajmda (922 million metr kub) suv bilan to‘ldirilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Izoh (0)