Pokistonda kuchli musson yomg‘irlari va yer ko‘chkilari oqibatida 300 dan ortiq odam halok bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev holat yuzasidan Pokistonga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezident ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Pokiston rahbari Asif Ali Zardariy va bosh vazir Shahboz Sharifga ta’ziya bildirgan. Shavkat Mirziyoyev marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.
Pokistonda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida eng ko‘p talafot tog‘li Xayber Paxtunxva provinsiyasida qayd etilgan. Kamida 74 ta uy vayron bo‘lgan, qutqaruv operatsiyasi vaqtida esa harbiy vertolyot halokatga uchragan. Oqibatda bortdagi 5 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Provinsiya rahbari Ali Amin Gadapurning aytishicha, halokatga uchragan M-17 vertolyoti Afg‘oniston bilan chegaradosh Bajaur hududiga uchayotgan bo‘lgan.
Pokiston meteorologiya xizmati mamlakat shimoli-g‘arbiy qismida 21-avgustgacha kuchli yomg‘irlar davom etishini ma’lum qilgan. Ayrim hududlar falokat zonasi deb e’lon qilingan.
Qo‘shni Hindiston nazorati ostidagi Kashmirda ham suv toshqinlari jiddiy falokatlarga sabab bo‘lmoqda. Himolay tog‘lari etagidagi qishloqlardan biriga to‘satdan kelgan suv to‘lqini kamida 60 kishining umriga zomin bo‘lgan, ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolgan.
Izoh (0)