Saudiya Arabistonidan muqaddas Ka’ba yopinchig‘i kisvaning eshik qismi to‘liq holda O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda 16-avgust kuni Islom sivilizatsiyasi markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ka’ba yopinchig‘i kisvaning eshik qismi uzunligi 6,3 metr, eni 3,3 metrni tashkil etadi.
2025-yil fevralida Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia O‘zbekiston xalqiga hadya sifatida muqaddas Kaʼba yopinchig‘i kisvaning bir parchasini Shavkat Mirziyoyevga topshirgandi.
O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov davrida Saudiya Arabistoni podshohi Fahd bin Abdulaziz Islom Karimovga Ka’ba yopinchig‘ining bir bo‘lagini hadya qilgandi. Unga tilla ip bilan “Oli Imron” surasining 97-oyati yozilgan. Keyinchalik Islom Karimov ushbu hadyani — ka’bapo‘shni Imom Buxoriy majmuasi muzeyiga taqdim etgan.
Bu safar esa eshik qismi bo‘lib, muqaddas Ka’ba yopinchig‘ining ushbu qismi O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasidan o‘rin olishi kutilyapti.
Kisva — Ka’baning yopinchig‘i bo‘lib, u bugungi kunda Saudiya Arabistoni, Makka shahridagi maxsus tikuv fabrikasida qora rangli tabiiy shoyidan tikiladi. Qurʼon oyatlari bitilgan kisva har yili Qurbon hayiti arafasida almashtiriladi. Yangi kisva Ka’bani qoplagandan keyin, eski yopinchiq ehtiyotkorlik bilan bo‘lingan holda saqlanadi va uning ba’zi qismlari islomiy davlat rahbarlari, mashhur diniy shaxslar va tashkilotlarga ramziy sovg‘a sifatida taqdim etiladi.
Izoh (0)