Sardobadagi suv to‘g‘onining yorilishi oqibatida Qozog‘istonning Maqtaaral tumanidagi yana bir aholi yashash punkti — Orgebas suv ostida qolgani xabar berilgan edi. Qozog‘istonlik amaldorlar O‘zbekistonni suv toshqini doirasini kamaytirib ko‘rsatganlikda ayblamoqda.

Foto: Turkiston viloyati Politsiya departamenti matbuot xizmati

Tengrinews’ning xabar berishicha, Turkiston viloyati hokimining o‘rinbosari Saken Kalkamanov Facebook’dagi jonli efir chog‘ida “O‘zbekiston biz tomonga bir tomchi suv ham oqmayotganiga ishontirgandi, lekin suv Maqtaaral tumaniga oqib kelishda davom etmoqda”, — deb aytgan.

“Nega ular kech evakuatsiya qilindi, chunki O‘zbekiston tomoni bizni rasman ishontirdi. Bizda kechki soat 20 da vaziyat barqarorligi va hech qanday muammo yo‘qligi haqida O‘zbekiston tomon bilan yozishmalar turibdi. Suv Turkiston viloyatiga, Maqtaaral tumaniga kelishi haqida fikrlar yo‘q edi.

Shunga qaramay, ko‘radiganimizni ko‘rdik. O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Turkiston viloyati hokimiga suv oqimi to‘xtaganini ta’kidlagandi. Shunga qaramay suv nega hali ham kelishda davom etayotganini bilmaymiz. U O‘zbekistondan bir tomchi suv ham Maqtaaral tumaniga chiqmayotganini, toshgan suv sathi 45 santimetrgacha tushganini ishonch bilan aytgandi. Bizning kanallar va kollektorlarda esa uning sathi har soatda o‘rtacha 10-20 santimetrga oshmoqda”, — degan u.

Shuningdek, tumanda qurbonlar va katta talafotlar bo‘lmasligi uchun barcha harakatlar amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Sardobadagi to‘g‘on yorilishi tufayli Qozog‘istonda minglab aholi evakuatsiya qilingani xabar berilgan edi. Sardobadagi toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgandi. Turkiston viloyati hokimligi buning oqibatida Maqtaaral viloyatining chegara kollektorlari suv bilan to‘lgani, suv oqimi sekundiga 180 kubometr bo‘lgani tufayli kollektordan suv toshib, Janajol qishloq okrugiga qarashli Jenis va Enbekshi qishloq okrugiga qarashli Janaturmis shaharchasida suv toshqini yuzaga kelganini ma’lum qilgandi.