O‘zbekistonda 26-iyun soat 23:00 dan 27-iyun soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 255 ta holat qayd etildi. Besh kundan buyon yangi kasallanganlar soni 200 nafardan oshmoqda. Bir kun ichida 255 kishida kasallik aniqlanishi 25-iyunda o‘rnatilgan rekorddan keyingi ikkinchi natija hisoblanadi. Ikki kun avval 276 kishida kasallik aniqlangandi. Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 7682 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 169 nafari karantin muassasalarida;
  • 54 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 39 nafar, Toshkent viloyatida — 6 nafar, Sirdaryo viloyatida — 4 nafar, Surxondaryo viloyatida — 4 nafar, Buxoro viloyatida — 1 nafar);
  • 32 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (ularning bari Toshkent viloyatida) aniqlangan.

Kun davomida 7 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 5 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. 8-iyunda aholi orasida koronavirus yuqtirib olish holatlari 66 tani tashkil etganidan so‘ng kunlik ko‘rsatkichlar 40 taga ham yetmayotgandi. 27-iyunda esa aholi orasidagi 54 kishida kasallik aniqlandi.

Toshkent shahrida kun davomida 64 ta yangi holat qayd etildi. Poytaxtda 25 va 24-iyun kunlari 69 nafardan odamda kasallik aniqlanganidan so‘ng 26-iyun kuni kasallanish holatlari kamayib, 26 kishida koronavirus aniqlangandi. 27-iyun kuni Toshkent shahrida aniqlangan holatlarning 25 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 39 tasi aholi orasida qayd etildi. Poytaxt yana aholi orasida kasallik aniqlanishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Kun davomida aholi orasida kimlar kasallikni yuqtirib olgani noma’lum, biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi 26-iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan 8 ta holat haqida ma’lumot berdi.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi A.Z.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), “Logistika universal markazi” MChJ xodimi G.S.da, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ xodimi H.Q.da (Toshkent viloyati Qibray tumanidagi qarindoshining uyiga borgan) kasallik aniqlangan.

Shuningdek, Yunusobod tumanida yashovchi Sh.A.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), shahar ichki ishlar tizimi xodimi F.G.da, poytaxtdagi avtosaroy konduktori S.D.da, Chilonzor tumanida yashovchi M.X.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan) ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Vazirlik aholi orasida koronavirusga chalinish xavfi yuqoriligi bois poytaxt aholisi va mehmonlaridan karantin qoidalariga qat’iy amal qilishlarini so‘ragan. SSV avtobus chiptachisi haqida to‘liqroq ma’lumot bermagani uchun bloger Otabek Bakirov tanqid qildi.

Qaysi avtopark, qaysi marshrut, qaysi kunlari ishga chiqqan bu konduktor — hech qanday ma’lumot yo‘q.

Normal davlatda bunday holda nima qilinadi?

Normal davlatning normal Sog‘liqni saqlash vazirligi, eng avvalo, qurilish gipsini tibbiyot gipsi sifatida ishlatishga yo‘l qo‘ymaydi, keyin esa konduktorda koronavirus aniqlangan zahotiyoq, o‘sha soatlarda bu haqda barchaga ochiq va oydin, batafsil ma’lumot beradi.

Jamoat transporti konduktorida virus aniqlansa-yu, bu haqda 2 kun sukut saqlash hozirgi epidemiya sharoitida nima bu? Yana 2 kun o‘tib, uzuq-yuluq ma’lumotni xuddiki yengil yomg‘ir yog‘gandek arzimas voqea sifatida sanab o‘tish nima bu? O‘sha konduktor ishlagan ehtimoliy marshrut va avtobusda nechta fuqaro kontaktda bo‘lgan? Ularning bilishga, preventiv tarzda yaqinlarini asrashga haqi bormi?

Men tushunmadim, bular o‘zi virus tarqalishiga qarshi kurashishayaptimi yoki virusning tezroq va kengroq tarqalishidan manfaatdormi?

@the_bakiroo

Toshkent viloyatida kun davomida 46 kishida kasallik aniqlandi. Ularning 8 tasi karantindagilar orasida, 6 tasi aholi orasida va 32 tasi xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilarida qayd etildi. Viloyatda ketma-ket 11-kun aholi orasida kasallik qayd etilmoqda. Toshkent viloyatida xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida 2 hafta ichida faqat 26-iyun kuni yangi holat aniqlanmadi. Viloyatda 26-iyun kuni aholi orasida kasallik qayd etilgan 8 ta holatdan 5 tasi haqida SSV ma’lumot berdi.

26-iyun kuni Toshkent viloyatida yashovchi A.Z.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), Qibray tumanida yashovchi S.A.da (tumandagi kolbasa sexi ishchisi), Parkent tumanida yashovchi G.M.da, ushbu tumanda yashovchi yana bir fuqaro J.T.da (har ikki holatda ham profilaktika maqsadida namuna topshirgan) va viloyatdagi “G‘ishtko‘prik” chegara posti navbatchi epidemiologi M.S.da kasallik aniqlangan.

Surxondaryo viloyatida 26 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Viloyat uchun bu rekord natija hisoblanadi. Bungacha Surxondaryoda eng ko‘p kasallik aprel oyi o‘rtalarida qayd etilgandi. Surxondaryoda ilk marta koronavirus aniqlanganida birdaniga 23 kishi kasallikni yuqtirib olgani ma’lum qilingandi. Surxondaryoda 27-iyun kuni aniqlangan holatlarning 22 tasi karantindagilar orasida, 4 tasi esa aholi orasida qayd etildi. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng Surxondaryoda kasallikka chalinganlar soni 101 nafarga yetdi. Endi kasallanganlar soni 100 nafardan oshmagan yagona hudud Jizzax bo‘lib turibdi. Ushbu viloyatda faqat 5 kishida kasallik aniqlangan.

Sirdaryo viloyatida qayd etilgan 7 ta holatdan 3 tasi xorijdan kirib kelgan va karantinga olingan fuqarolar orasida, 4 tasi aholi orasida qayd etildi. Viloyatda 21, 23 va 26-iyun kunlari ham aholi orasida kasallik aniqlangan. Sirdaryoda 26-iyun kuni aholi orasida aniqlangan yagona holat Qozog‘istondan qaytgan fuqaroda aniqlangan.

Buxoro viloyatida qayd etilgan 3 ta holatning 2 tasi karantindagilar orasida, yana bittasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda 25101214151617, 21 va 26-iyun kunlari ham yangi kasallanish holatlari qayd etilgan, ushbu kunlar ichida 15-iyundan boshqa barcha kunlarda aholi orasida koronavirus aniqlangan. SSV Buxoroda 26-iyun kuni aholi orasida qayd etilgan yagona holat Buxoro davlat universiteti magistri afg‘onistonlik M.X.da aniqlanganini ma’lum qildi. Ammo universitet matbuot xizmati BuxDUda afg‘onistonliklar ham, M.X. taxallusli magistrant ham tahsil olmasligini bildirdi.

Navoiy viloyatida 11-iyun kuni aholi orasida 18 ta kasallanish holati qayd etilganidan so‘ng viloyatda aniqlanayotgan yangi holatlar koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etilmoqda. 15-iyunda 5, 18-iyunda 6, 19-iyunda 4 va 24-iyunda 5 kishida kasallik aniqlangandi. 27-iyunda qayd etilgan 3 ta holat ham karantindagilar orasida aniqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida 2 kishida kasallik qayd etildi. Qoraqalpog‘istonda 23-iyun kuni ham karantindagilar orasidan 1 kishida kasallik aniqlangan. Iyun oyi davomida ushbu hududda karantindagilar orasida boshqa kasallanish holati kuzatilmadi, aholi orasida faqat 13-iyun kuni 3 ta holat qayd etildi. Xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilarida esa 4-iyunda bitta, 11-iyunda 2 ta va 13-iyunda bitta holat aniqlandi.

Kasallikdan davolanish

27-iyun davomida 202 nafar fuqaro sog‘aydi. Ularning 184 nafari Toshkent shahri va 18 nafari Xorazm viloyatidagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. O‘zbekistonda bir kun ichida birinchi marta koronavirusdan sog‘ayganlar soni 200 kishida oshdi va tabiiyki yangi rekord o‘rnatildi. Bungacha 25-iyundagi 192 kishining sog‘ayishi eng yaxshi natija edi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 7682 nafar bemordan 5240 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 68 foizni tashkil etmoqda. Bir kun avval bu boradagi ko‘rsatkich 67 foizga tushib ketgandi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi23-iyunga kelib ularning soni 2000 nafardan ham oshdi. Hozirga kelib Toshkent shahridagi bemorlarning o‘zi 2000 nafardan oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 2422 nafar bemordan 2001 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 421 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Jizzaxda 2, Qoraqalpog‘istonda 4, Andijonda 14, Namanganda 24, Buxoroda 34, Samarqandda 40, Navoiyda 46, Surxondaryoda 56, Xorazmda 60 va Qashqadaryoda 141 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi.

Ahvoli og‘ir bemorlar va o‘lim holatlari

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2422 nafar bemordan 19 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval bemorlarning 18 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda edi.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 20 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Iyun oyida 5 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi. Koronavirusdan vafot etgan denovlik ayolda chindan ham koronavirus bo‘lganini Sog‘liqni saqlash vazirligi ayolning o‘limidan 5 kun o‘tib tasdiqlagandi.

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani hokimligi ham 31-mayda o‘limi qayd etilgan fuqaro koronavirusdan vafot etganini 17-iyun kuni ma’lum qilgandi. Ammo Kitobda vafot etgan fuqaroni Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan vafot etganlar ro‘yxatiga kiritmagan.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 39 673 nafar, statsionar karantinda esa 23 991 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 2296 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 1903 nafarga ko‘paydi.