O‘zbekistonda 9-iyun soat 23:00 dan 10-iyun soat 23:00 ga qadar 103 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan 103 kishidan

  • 64 nafari karantin muassasalaridagi fuqarolar orasida;
  • 27 nafari aholi orasida (Toshkent viloyatida — 11, Toshkent shahrida — 7 , Sirdaryo viloyatida — 3, Samarqand va Buxoro viloyatlarida — 2, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida — 1 nafardan);
  • 12 nafari xorijdan kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar orasida aniqlandi.

Aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari avvalgi kunlarga nisbatan ko‘proq hududda qayd etildi — 7 ta. Ushbu holatlarning ayrimlarida koronavirus manbasini aniqlash uchun epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

10-iyun kuni AOKA shtabidagi brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov nima uchun eng ko‘p koronavirus yuqtirish holatlari aniqlangan Toshkent shahri “sariq” hududligicha qolayotganiga izoh berdi. Botir Qurbonovning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida kasallik qayd etilgan mahalla, mavze, daha va yirik obyektlar bo‘yicha karantin cheklovlari o‘rnatilmoqda. Unga ko‘ra, jami 513 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 42 tasi “qizil” hudud, 132 tasi “sariq” hudud, 339 tasi esa “yashil” hududga ajratilgan.

Toshkent shahridagi “qizil” hududga kirgan 42 ta mahalla ro‘yxati.

Foto: “Hudud inform”

Toshkent shahridagi “qizil”, “sariq” va “yashil”ga bo‘lingan mahallalarning to‘liq ro‘yxati bu yerda.

Koronavirusdan davolanish

10-iyun davomida 73 nafar fuqaro koronavirusdan sog‘aydi. Ulardan 49 nafari Toshkent shahri, 8 nafari Navoiy, 7 nafari Buxoro, 6 nafari Samarqand va 3 nafari Namangandagi tibbiyot muassasalarida davolanib chiqdi.

Ma’lumot o‘rnida, JizzaxSurxondaryo  va Farg‘ona viloyatlari koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turibdi. Qoraqalpog‘iston (3 nafar bemor) va Andijon (4 nafar bemor) ham koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin turibdi. Qashqadaryoda 6, Buxoroda 11, Namanganda 12, Xorazmda 14 nafar bemor qoldi.

Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi bemorlar esa Toshkent shahrida davolanmoqda. Eng ko‘p bemor hozir aynan Toshkent shahrida (876 kishi) bo‘lib, davolanish ko‘rsatkichi 64 foizni tashkil etmoqda. Toshkent shahrida bu boradagi ko‘rsatkich bir kun avval 65 foiz edi. Ayni damda O‘zbekistonning to‘qqiz hududidagi tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar soni 1072 nafarga teng.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 4623 nafar bemordan 3532 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 76 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich 8-iyundan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.

O‘lim holati va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 10-iyun kuni Toshkent shahrida yana bir bemor vafot etgani haqida xabar berdi. Samarqandlik A. 2020-yilning 27-may kuni Sankt-Peterburgdan charter reys orqali O‘zbekistonga kelgan va karantin markazida tibbiy kuzatuvga olingandi. Unda 1-iyun kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlanib, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan, shu kuniyoq uning ahvoli og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. A. ismli erkak uzoq yillar davomida o‘tkir leykoz, surunkali anemiya og‘ir darajasi va nafas yetishmovchiligi kabi kasalliklar bilan davolanib kelgan. Biroq standartlar bo‘yicha ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. U O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etgan 19-bemor bo‘ldi.

Ayni paytda O‘zbekistonning to‘qqiz hududidagi tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1072 nafar bemordan 8 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. SSVning 10-iyun soat 10:00 dagi axborotida ham bemorlarning 8 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvoldaligi ma’lum qilingan. 13 soat ichida bu raqamlarda o‘zgarish bo‘lmagan, bu orada esa bir bemor vafot etdi. SSVning bir sutka avval bergan axborotida ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni 2 nafarligi qayd etilgandi.

Karantindagilar

Shu kungacha jami 454 119 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 407 350 nafari karantindan chiqarilgan. Bir kun ichida karantinga olinganlar soni 4492 nafarga, karantindan chiqarilganlar 3755 nafarga ko‘paydi.

Bu orada Namangan viloyatining Pop tumanida 1200 o‘rinli karantin hududi qurib bitkazildi.

Foto: Rahmonjon Mamadaliyev

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 23 157 nafar, statsionar karantinda esa 23 612 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.