O‘zbekistonda 25-iyun soat 23:30 dan 26-iyun soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 250 ta holat qayd etildi. To‘rt kundan buyon yangi kasallanganlar soni 200 nafardan oshmoqda. Bir kun ichida 250 kishida kasallik aniqlanishi 25-iyunda o‘rnatilgan rekorddan keyingi ikkinchi natija hisoblanadi. Bir kun avval 276 kishida kasallik aniqlangandi. Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 7427 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 220 nafari karantin muassasalarida;
  • 25 nafari aholi orasida (Xorazm viloyatida — 10 nafar, Toshkent shahrida — 8 nafar, Toshkent viloyatida — 5 nafar, Buxoro viloyatida — 1 nafar, Sirdaryo viloyatida — 1 nafar);
  • 5 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Sirdaryo viloyatida — 3 nafar, Xorazm viloyatida — 2 nafar) aniqlangan.

Kun davomida O‘zbekistonning 5 ta hududida yangi holatlar qayd etildi. Ularning barchasida aholi orasida kasallik aniqlandi. 26-iyunda kasallik aniqlangan har o‘ninchi (250 nafardan 25 nafari) odam aholi orasidan chiqdi.

Toshkent shahrida yangi kasallik holatlari avvalgi kunlarga nisbatan ancha kam bo‘ldi. 25 va 24-iyun kunlari 69 nafardan odamda kasallik aniqlangandi. 26-iyun kuni esa poytaxtda 26 kishida kasallik qayd etildi. Bulardan 18 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 8 nafari aholi orasida aniqlangan. Aholi orasida kasallik qayd etilishi bo‘yicha 26-iyunda Toshkent shahri Xorazmdan ortda qolib ketdi. Umuman olganda, poytaxt iyun oyida 18 marta aholi orasida eng ko‘p kasallik aniqlanishi bo‘yicha kun yetakchisi bo‘lgan. Toshkent shahrida faqat 3-iyun kuni aholi orasida kasallik aniqlanmagandi.

Xorazm viloyatida oxirgi vaqtlarda kasallik aniqlansa, kamida 10 kishidan koronavirus chiqmoqda va bu ko‘rsatkich har safar ko‘payib bormoqda. 15-iyun kuni 10 kishida, 19-iyun kuni 12 kishida, 20-iyun kuni 13 kishida,  23-iyun kuni 14 kishida, 26-iyun kuni esa 22 kishida koronavirus aniqlandi. May va iyun oylarida viloyatda bir kunda buncha ko‘p kasallik qayd etilmayotgandi. Viloyatda 26-iyun kuni aniqlangan holatlarning 10 tasi aholi orasida, 10 tasi karantindagilar orasida va 2 tasi xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida qayd etildi. Yangi holatlardan so‘ng Xorazm viloyatida kasallik qayd etilgan bemorlar soni 300 nafardan oshdi.

Toshkent viloyatida yangi kasallanish holatlarining 9 tasi karantindagilar orasida va 5 tasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda ketma-ket 10-kun aholi orasida kasallik qayd etilmoqda. Toshkent viloyatida 13 kun ichida birinchi marta xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilarida kasallik aniqlanmadi.

Sirdaryo viloyatida aniqlangan 7 ta holatdan 3 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 3 tasi xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida va bittasi aholi orasida qayd etildi. Viloyatda 3 kun avval ham karantindagilar, ham aholi orasida, ham xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida kasallik aniqlangandi.

Buxoro viloyatida qayd etilgan 2 ta holatning bittasi karantindagilar orasida, yana bittasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda 2, 5, 10, 12, 14, 15, 16, 17 va 21-iyun kunlari ham yangi kasallanish holatlari qayd etilgan, ushbu kunlar ichida 15-iyundan boshqa barcha kunlarda aholi orasida koronavirus aniqlangan.

Kasallikdan davolanish

26-iyun davomida 161 nafar fuqaro sog‘aydi. Ulardan 123 nafari Toshkent shahri, 19 nafari Qashqadaryo, 14 nafari Navoiy viloyatlari va 5 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Bu bir kun ichida koronavirusdan sog‘ayish bo‘yicha 25-iyunda o‘rnatilgan rekorddan keyingi ikkinchi natija. Bir kun avval 192 kishi kasallikdan sog‘aygandi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 7427 nafar bemordan 5038 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 67 foizni tashkil etmoqda. Bu 4-maydan keyingi eng past ko‘rsatkich.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi23-iyunga kelib ularning soni 2000 nafardan ham oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 2369 nafar bemordan 1964 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 405 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Jizzaxda 2, Qoraqalpog‘istonda 2, Andijonda 14, Namanganda 24, Surxondaryoda 30, Buxoroda 31, Samarqandda 40, Navoiyda 43,  Xorazmda 78 va Qashqadaryoda 141 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi.

Ahvoli og‘ir bemorlar va o‘lim holatlari

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2369 nafar bemordan 18 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir sutka ichida ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 2 nafarga ko‘paydi.  16-iyundan 19-iyungacha shifoxonalarda bironta ham ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar qolmagandi. Endi esa ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni eng katta ko‘rsatkichga chiqdi.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 20 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Iyun oyida 5 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi. Koronavirusdan vafot etgan denovlik ayolda chindan ham koronavirus bo‘lganini Sog‘liqni saqlash vazirligi ayolning o‘limidan 5 kun o‘tib tasdiqlagandi.

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani hokimligi ham 31-mayda o‘limi qayd etilgan fuqaro koronavirusdan vafot etganini 17-iyun kuni ma’lum qilgandi. Ammo Kitobda vafot etgan fuqaroni Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan vafot etganlar ro‘yxatiga kiritmagan.

Karantindagilar

Bir kunlik tanaffusdan so‘ng SSV karantindagi fuqarolar haqida ma’lumot berishni boshladi. Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 37 377 nafar, statsionar karantinda esa 22 088 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.