O‘zbekistonda 4-iyun 23:00 dan 5-iyun 23:00 gacha 68 kishida koronavirus aniqlandi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 68 nafar bemorning

  • 42 nafari karantin muassasalaridagi fuqarolar orasida;
  • 17 nafari aholi orasida;
  • 9 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarida aniqlangan.

Aholi orasida koronavirus qayd etilishi bir kun oldingiga nisbatan 4 taga ko‘paydi.

Kun davomida Toshkent shahrida aholi orasida 9 ta, Qashqadaryoda 4 ta, Toshkent viloyatida 2 ta, Namangan va Buxoroda bittadan holat qayd etildi. 1-maydan buyon koronavirusdan xoli hudud bo‘lgan Qashqadaryoga koronavirus qaytdi. Toshkent shahridagi “O‘rikzor” bozorida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan xodim va u bilan yaqin muloqotda bo‘lgan 3 nafar oila a’zosida koronavirus aniqlangan.

Qashqadaryoda qayd etilgan ilk koronavirus holati ham Toshkent shahrida bo‘lib qaytgan 14 yoshli bolada aniqlangandi. Keyin esa kasallik u bolaning 4 oila a’zosiga ham yuqqandi. Yangi kasallanish holatlari ham Chiroqchi tumanida qayd etilgan. Bemorlar yashagan qishloq to‘liq karantinga olingan.

Koronavirusdan sog‘ayish holatlari

5-iyun davomida 160 nafar fuqaro sog‘aydi. Bu rekord hisoblanadi. Shundan 140 nafari Toshkent shahridagi, 14 nafari Navoiy viloyatidagi, 4 nafari Samarqand viloyatidagi ham 2 nafari Andijon viloyatidagi tibbiyot muassasalarida sog‘ayib chiqdi.

Ma’lumot o‘rnida, JizzaxSurxondaryoFarg‘ona va Xorazm viloyatlari koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turibdi. Andijon (1 nafar bemor) va  Qoraqalpog‘iston (3 nafar bemor) koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin turibdi.

Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi bemorlar esa Toshkent shahrida davolanmoqda. Eng ko‘p bemor hozir aynan Toshkent shahrida (542 kishi) bo‘lib, davolanish ko‘rsatkichi 71 foizni tashkil etmoqda. Davolanayotgan bemorlar soni (109 bemor) bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi Navoiyda sog‘ayish ko‘rsatkichi 50 foizni tashkil etib turibdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 4007 nafar bemordan 3247 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 81 foizni tashkil etmoqda. Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 744 nafar bemor davolanmoqda.

Ahvoli og‘ir bemorlar

Hozirda davolanayotgan 744 bemordan 12 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir sutka ichida ahvoli og‘ir bemorlar soni 3 nafarga ko‘paydi.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 16 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Koronavirusdan vafot etgan oxirgi ikki bemorda o‘limidan bir kun oldin infeksiya aniqlangandi.

Karantindagilar

Shu kungacha jami 433 114 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 383 981 nafari karantindan chiqarilgan. Bir kun ichida karantinda olingan fuqarolar soni 3905 nafarga ko‘paydi.

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 26 687 nafar, statsionar karantinda esa 22 446 nafar fuqaro qolmoqda.