O‘zbekistonda 20-iyun soat 23:00 dan 21-iyun soat 23:00 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 162 ta holat qayd etildi. Kasallanganlar soni hafta davomidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Bundan kamroq kasallanish holati 18-iyunda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda 85 kishida koronavirus aniqlangandi. 21-iyunda qayd etilgan yangi holatlardan so‘ng kasallanganlarning umumiy soni 6315 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlardan

  • 127 nafari karantin muassasalarida;
  • 22 nafari aholi orasida (Buxoro viloyatida — 11 nafar, Toshkent shahrida — 7 nafar, Sirdaryo viloyatida — 1 nafar, Samarqand viloyatida — 1 nafar, Andijon viloyatida — 1 nafar, Toshkent viloyatida — 1 nafar);
  • 13 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Toshkent viloyatida — 12 nafar, Sirdaryo viloyatida — 1 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 8 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 6 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Hafta davomida bir kunda O‘zbekistonning 3 yoki 4 hududida aholi orasida kasallik aniqlanayotgandi. Oxirgi marta bunchalik ko‘p hududda aholi orasida kasallik aniqlanishi 10-iyunda sodir bo‘lgandi. O‘sha kuni 7 ta hududda aholi orasida kasallanish qayd etilgan.

21-iyun kuni aholi orasida qayd etilgan virus yuqtirib olish holatlarining 22 tasidan 11 tasi Buxoro viloyatida aniqlandi. Buxoroda hafta davomida 16-iyun va 17-iyun kunlari ham aholi orasida koronavirus qayd etilgandi. Buxoroda 21-iyun kuni yana 2 ta holat karantindagilar orasida aniqlandi. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng Buxoroda kasallanganlar soni 507 nafarga yetdi. Buxoro kasallanganlar soni 500 nafardan oshgan ikkinchi hudud bo‘ldi.

Toshkent shahrida kun davomida aholi orasida 7 kishida koronavirus aniqlandi. Ko‘pincha aholi orasidagi eng ko‘p kasallanish holati poytaxtda kuzatilayotgandi. 18-iyunda ham 21-iyundagi kabi Toshkent shahri aholi orasida eng ko‘p kasallik aniqlanishi bo‘yicha ikkinchi bo‘lgandi. Shuningdek, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan yana 23 kishida kasallik aniqlangan.

SSV matbuot xizmati poytaxtda 20-iyunda aholi orasida kasallanish qayd etilgan 13 bemor haqida qisqacha ma’lumot berdi: Toshkent shahridagi sanoat korxonasining 4 nafar xodimi va ularning 5 nafar oila a’zolarida, Uchtepa tumani yashovchi M.M.da (oromgohga ketish maqsadida namuna topshirgan), Mirobod tumanida yashovchi N.Sh.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi uy bekasi D.Z.da (tana harorati ko‘tarilib, xususiy shifoxonaga murojaat qilgan), Olmazor tumani Mudofaa ishlari bo‘limi xodimi E.Sh.da (harbiy chaqiriqqa kelgan bolalar bilan muloqotda bo‘lgan) kasallik qayd etilgan.

Toshkent viloyatida 21-iyun kuni qayd etilgan 21 ta holatdan 12 tasi xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar orasida, 8 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 1 nafari aholi orasida aniqlandi. Toshkent viloyatida oxirgi 5 kun ichida muntazam ravishda aholi orasida kasallanish holatlari qayd etilmoqda.

Andijon viloyatida 3 ta holat qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi 21-iyun soat 17:30 holatiga ko‘ra bergan axborotida viloyatdagi uchala holat ham aholi orasida qayd etilganini ma’lum qilgandi. SSV keyinroq o‘z ma’lumotlarini tahrirlab qo‘ydi (ammo bu haqda ogohlantirib qo‘ymadi), yangi ma’lumotlar bo‘yicha Andijon viloyatida qayd etilgan holatlardan ikkitasi xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida, bittasi aholi orasida aniqlangan. Viloyatda asosan karantindagilar va xorijdan kelgan yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida kasallik aniqlanayotgandi. Shu sababli Andijon viloyati 6-iyun holatiga ko‘ra, “yashil” hududga aylangandi. Endi esa viloyatda aholi orasida koronavirus aniqlandi va viloyat “yashil” maqomini yo‘qotadi.

Sirdaryo viloyatida qayd etilgan 2 ta holatdan bittasi xorijdan kelgan yuk mashinasi haydovchisida, yana bittasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda 1 hafta oldin ham aholi orasida kasallanish qayd etilgandi.

Samarqand viloyatida qayd etilgan 10 ta holatdan 9 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 1 tasi aholi orasida qayd etildi. Ushbu viloyatda bir hafta ichida kasallanganlar soni 24 nafarga oshdi, Samarqand koronavirusga chalinganlar soni 400 nafardan oshgan uchinchi hududga aylandi. Hafta davomida viloyatda faqat 18 va 19-iyun kunlari yangi kasallanish holatlari qayd etilmadi.

Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan 9 ta va Namangan viloyatida qayd etilgan 4 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida aniqlandi. Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 1 hafta ichida 57 nafardan 176 nafarga yetdi.

Kasallikdan davolanish

21-iyun davomida 87 nafar fuqaro sog‘aydi. Ular Toshkent shahri, Navoiy, Xorazm hamda Samarqand viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Bu hafta davomidagi eng ko‘p bemor sog‘aygan kun bo‘ldi. Bir kun avval 17 bemor sog‘ayib, eng past ko‘rsatkich qayd etilgandi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 6315 nafar bemordan 4377 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 69 foizni tashkil etmoqda. Bir kun ichida yangi kasallanish holati kasallikdan sog‘ayish holatidan deyarli 2 barobar ko‘p bo‘lsa-da, 69 foizlik ko‘rsatkich o‘zgarmadi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi, 21-iyunga kelib ularning soni 1900 nafardan ham oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 1919 nafar bemordan 1521 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 398 nafar bemor mamlakatning 9 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Qoraqalpog‘istonda 6, Andijonda 11, Surxondaryoda 19, Samarqandda 26, Namanganda 32, Buxoroda 40, Xorazmda 42, Navoiyda 52 va Qashqadaryoda 170 nafar bemor qoldi. Jizzax va Farg‘ona viloyatlari koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turibdi.

Ahvoli og‘ir bemorlar

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1919 nafar bemordan 11 nafari og‘ir, 3 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir sutka ichida ahvoli og‘ir bemorlar soni 3 nafarga kamaygan bo‘lsa, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni 2 nafarga ko‘paydi. 21-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra ham ahvoli og‘ir bemorlar 15 nafarni, ahvoli og‘ir bemorlar 1 nafarni tashkil etayotgandi.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 19 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Iyun oyining o‘zida 4 nafar bemor vafot etdi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 37 314 nafar, statsionar karantinda esa 22 812 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 498 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 203 nafarga kamaydi.

Toshkent viloyatining O‘rtasaroydagi karantin markazida 20-iyun kuni soat taxminan 4:00—5:00 oralig‘ida 42 yoshli, asli Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan fuqaro karantinga olingan fuqarolarni vaqtinchalik saqlash konteyneri ichida o‘zini osib qo‘ygan.

U koronavirusga tahlil topshirgan bo‘lgan, biroq tahlil natijalari hali chiqmagan. Fuqaro aynan qachon, qayerdan kelgach, O‘rtasaroydagi karantin markaziga joylashtirilgani hozircha ma’lum emas. Fuqaro nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani ham noma’lum.