O‘zbekistonda 15-iyun soat 23:00 dan 16-iyun soat 23:00 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 230 ta holat qayd etildi. O‘zbekistonda ikkinchi marta bir kun ichida kasallanganlar soni 200 nafardan oshdi. 7-iyunda 237 kishida koronavirus aniqlangandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 5493 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 196 nafari karantin muassasalaridagi fuqarolar orasida;
  • 20 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 14 nafar, Buxoro viloyatida — 3 nafar, Samarqand viloyatida — 2 nafar, Namangan viloyatida — 1 nafar);
  • 14 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Toshkent viloyatida — 9 nafar, Sirdaryo viloyatida — 5 nafar) aniqlangan.

16-iyun kuni yangi kasallanish holatlari O‘zbekistonning 7 ta hududida qayd etildi. Eng ko‘p kasallik aniqlanishi Qashqadaryo viloyatida kuzatildi. Qashqadaryoda karantinga olinganlar orasida 104 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 1 sutka oldin kasallanganlar soni 57 nafar edi, endi esa 161 nafarga yetdi. Shu tariqa Qashqadaryoda kasallanganlar soni bir sutka ichida deyarli 3 barobarga o‘sdi.

Toshkent shahri aholi orasida koronavirus aniqlanishi bo‘yicha yana yetakchilik qildi. Bir kun ichida aholi orasida aniqlangan 20 ta holatdan 14 tasi poytaxtda ro‘y berdi. 16-iyun kuni o‘tkazilgan videoselektorda Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 nafari aynan aholi orasidan aniqlangani, 57 holatda virusni yuqtirish manbasi noma’lum bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Poytaxtda iyun oyida faqat 3-iyun kuni aholi orasida bironta ham kasallikni yuqtirib olish holati qayd etilmagandi.

Samarqand viloyatida ikkinchi kun ketma-ket aholi orasida koronavirus aniqlanmoqda. 15-iyunda 3 kishida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, bir kun o‘tib virus yuqtirib olish bilan bog‘liq 2 ta holat qayd etildi.

Buxoro viloyatida 16-iyunda qayd etilgan 4 ta holatdan 3 tasi aholi orasida aniqlandi. Umuman olganda viloyatda ikki kunda bir koronavirus qayd etilmoqda. 14-iyunda 2 ta, 12-iyunda 5 ta va 10-iyunda 2 ta holat qayd etilgandi. Ularning barchasi aholi orasida aniqlangandi.

Namangan viloyatida ikki kundan buyon kuniga beshtadan yangi holat aniqlanmoqda. Holatlarning 9 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot qilganlar orasida, bittasi aholi orasida qayd etildi.

Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyatida 16-iyun qayd etilgan holatlar faqat xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida aniqlandi.

“Agar vaziyat shunday davom etsa, viloyatlar va ko‘p shaharlarni yopishga majbur bo‘lamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kasallikdan davolanish

16-iyun kuni 77 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu 16-iyunda kasallik aniqlangan bemorlar sonidan 3 barobar kam. Kun davomida sog‘aygan bemorlarning bari Toshkentdagi 4 ta tibbiyot muassasasida shifo topdi. Bemorlarning 42 nafari Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida, 21 nafari Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida, 11 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida va 3 nafari 3-sonli tug‘ruq majmuasida davolanib chiqib, uyiga kuzatildi.

Yangi tartibga ko‘ra, koronavirusdan davolangan bemorlar endilikda reabilitatsiyaga emas, to‘g‘ri uylariga kuzatilmoqda. O‘zbekiston reabilitatsiyaga kuzatish tajribasidan voz kechdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 5493 nafar bemordan 4096 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 74 foizni tashkil etmoqda. 16-iyunda koronavirusga chalinganlar kasallikdan sog‘ayganlarga nisbatan 3 barobar ko‘p bo‘lgani uchun davolanish ko‘rsatkichi bir kun oldingi 76 foizdan 2 foizga yomonlashdi.

Tez orada virus yengil kechayotgan bemorlarni uyda davolash yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyundagi videoselektorda aytib o‘tdi.

Virusning yengil shakllari aniqlangan yoki kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan fuqarolarni uy sharoitida tibbiy nazoratda ushlash va davolash amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

21-apreldan buyon ilk marta koronavirusdan davolanayotganlar soni shifoxonalarda 1300 nafardan oshib ketdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 1378 nafar bemordan 1064 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 314 nafar bemor mamlakatning 9 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Qoraqalpog‘istonda 6, Andijonda 7, Surxondaryoda 9, Buxoroda 19, Namanganda 21, Samarqandda 22, Xorazmda 24, Navoiyda 51 va Qashqadaryoda 155 nafar bemor qoldi. Jizzax va Farg‘ona viloyatlari koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turibdi.

Ahvoli og‘ir bemorlar

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1378 nafar bemordan 13 nafari og‘ir ahvolda. Shifoxonalarda o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar qolmagan. Bunaqasi iyun oyida kuzatilmagandi. Bir sutka avval ham, 16-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra ham 14 nafar og‘ir va 2 nafar o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar haqida ma’lumot berilgandi.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 19 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Iyun oyining o‘zida 4 nafar bemor vafot etdi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 29 378 nafar, statsionar karantinda esa 21 365 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 1999 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 402 nafarga ko‘paydi.