AQSH prezidenti Donald Tramp “yaqin kelajakda” The Wall Street Journal (WSJ), unga tegishli bo‘lgan News Corp. media holdingi va holding egasi Rupert Merdokni tuhmat uchun sudga berishga va’da berdi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social sahifasida ma’lum qildi.

17-iyul kuni WSJ Tramp 2003-yilda moliyachi Jeffri Epshteynning 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan unga sovg‘a qilgan tabriknoma tavsifi keltirilgan materialni e’lon qildi. Gazetaning yozishicha, Epshteynning dugonasi Gilen Maksvell unga do‘stlaridan kelgan maktublar solingan albomni sovg‘a sifatida tayyorlab qo‘ygan. Nashrning fikricha, xatlardan biriga “Donald” imzosi qo‘yilgan tabriknoma muallifi Tramp hisoblanadi.
Gazeta tabriknomani “uyatsiz” deb ta’riflaydi. Mashinkada yozilgan matnning bir necha satri qo‘lda yog‘li marker bilan chizilganga o‘xshash yalang‘och ayol konturi bilan o‘ralgan.
Bir juft kichik yoylar ayolning ko‘kragini, bo‘lajak prezidentning imzosi esa qov sochiga o‘xshatib, belidan pastroqda “Donald” deb yozilgan to‘lqinsimon yozuvni anglatadi, deyiladi maqolada.
AQSH Prezidenti gazetaga bergan izohida o‘zi bu xatni yozganini yoki rasm chizganini rad etgan.
“Men umrimda hech qachon rasm chizmaganman. Men ayollarni chizmayman. Bu mening uslubim emas. Bu mening so‘zlarim emas”, dedi u va material e’lon qilingan taqdirda nashrni sudga berish bilan tahdid qilgan.
Tramp Truth Social tarmog‘idagi sahifasida WSJni sudga berish niyati haqida ogohlantirganini eslatgan.
“Janob Merdok bu masalani hal qilishini aytdi, lekin, aftidan, buning imkoni bo‘lmagan. Ular baribir yolg‘on, g‘arazli va tuhmat to‘la hikoyani tarqatishmoqda. Prezident Tramp tez orada The Wall Street Journal, News Corp. va janob Merdokni sudga beradi”, deb yozdi Tramp.
Jeffri Epshteyn 2019-yilning yozida AQShda qizlar, jumladan, 14 yoshli qizlar savdosi va ularni fohishalikka undashda ayblanib, qo‘lga olingan. O‘sha yilning avgust oyida 66 yoshli milliarder sudni kutmasdan qamoqxonada o‘z joniga qasd qildi. Uning Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan dugonasi va sherigi Gilen Maksvell jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga yordam bergani uchun 20 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
Izoh (0)