Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasida 82 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida 50 nafar, shahar 1-son klinik shifoxonasida 45 nafar, jami 177 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, 27-iyun kuni o‘z uyiga kuzatildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan avval Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 7 nafar, Xorazm viloyatida 18 nafar bemor sog‘aygani xabar berilgan edi. Shu tariqa 27-iyun kuni jami 202 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi va sog‘ayish ko‘rsatkichi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi rekord ko‘rsatkich 25-iyun kuni qayd etilgan bo‘lib, 192 nafar bemor tuzalgan va uyiga kuzatilgandi. 26-iyun kuni esa O‘zbekistonning turli hududlaridagi tibbiyot muassasalaridan 161 nafar bemor kuzatildi.
Kun davomida poytaxtdagi tibbiyot muassasalarida 184 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan tuzalib, ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida COVID-19’dan sog‘ayganlar soni 3044 nafarga yetdi.
Hozirda O‘zbekiston bo‘ylab sog‘ayganlar soni 5240 nafarni tashkil etmoqda. Respublikaning turli kasalxonalarida 2291 nafar bemor belgilangan standartlar asosida davolanishda davom etmoqda.
Izoh (0)