Ba’zida o‘zimiz sezmasdan achchiq taomlarga ruju qo‘yamiz: qalampirli salatlar, tuzlangan karam yoki sarimsoqli ovqatlarga ishtaha ochiladi. Ko‘pchilik buni hazilomuz tarzda homiladorlik belgisi deb qabul qilsa-da, aslida bu holat organizm ichki ehtiyojidan darak berishi mumkin.

Achchiq ta’mli mahsulotlar, ayniqsa qalampir tarkibida kapsaitsin deb ataladigan tabiiy modda mavjud. Bu modda ovqatga achchiqlik beradi va bir vaqtning o‘zida zararli bakteriyalarga ham qarshi kurashadi. Aynan shu sababli oziq-ovqat qisqa muddatda buziladigan issiq iqlimga ega hududlarda ziravorlardan ko‘p foydalanish odat tusiga kirgan.
Achchiq ovqat iste’moli endorfinlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirib, kayfiyatni ko‘taradi, qon aylanishini yaxshilaydi, hatto ba’zi saraton hujayralariga qarshi kurashishi ham mumkin.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, odamning achchiq taom tusashi organizmda ayrim muammolar mavjudligi sabablidir:

1. Yuqori xolesterin darajasi
Agar qon tarkibida zararli xolesterin moddasi ko‘paysa, qon quyuqlashadi. Achchiq mahsulotlar esa qonning suyuqligini tiklab, tomirlarni yog‘ qatlamlaridan tozalashga yordam beradi.
2. Qalqonsimon bez faoliyatining sustligi (gipotireoz)
Organizmda moddalar almashinuvi sekinlashsa, tana achchiq taomlarga ishtaha “uyg‘otishga” urinadi, zero, kapsaitsin metabolizmni tezlashtiradi.
3. Parazitlar
Ichakdagi parazitlar oziq moddalarning to‘liq so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi. Organizm esa bunga javoban modda almashinuvini faollashtirishga harakat qiladi va achchiq ovqatlarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. E’tiborli jihati shundaki, ba’zi parazitlar oddiy tahlil orqali aniqlanmasligi mumkin.

4. Tanadagi issiqlik yoki tashqi haroratning ortishi
Achchiq ovqat terlashni ko‘paytiradi, bu esa tana haroratini tushirishga xizmat qiladi. Shu sababli issiq ob-havo paytida ko‘pchilik achchiq taomlarni xush ko‘radi.
5. Infeksiyalar
Virusli kasalliklar paytida organizm immunitetni qo‘llab-quvvatlash uchun tabiiy vositalarni (qalampir, sarimsoq) talab qilishi mumkin.
Psixologik omillar ham rol o‘ynaydi

Psixologlarning fikricha, achchiq ovqatni ko‘proq mustaqil, xavfdan qo‘rqmas, o‘ziga ishonchi baland insonlar tanlaydi. Ular hayotda o‘z chegaralarini sinab ko‘rishni istaydi. Shuningdek, doim tashvishlanib yuradigan yoki barchaga qarshi chiqadigan kayfiyatdagi odamlar achchiq ovqat orqali o‘z ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qiladilar. Hatto depressiyada bo‘lgan insonlar ham achchiq ovqat orqali o‘zini “tirik” his qiladi va kayfiyatini yaxshilashga urinadi, chunki bu holatda endorfinlar ishlab chiqilishi kuchayadi.
Achchiq ovqatga bo‘lgan ishtaha shunchaki tasodifiy holat emas. Bu organizm ichki muvozanatining buzilganidan bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda o‘z tanangizga e’tiborli bo‘lish, kerak bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish lozim. Shuningdek, haddan tashqari achchiq ovqatni iste’mol qilish ovqat hazm qilish tizimiga zarar yetkazishi mumkinligini unutmaslik kerak.
Izoh (0)