Rossiya 2025-yil oxirigacha O‘zbekistonda dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini ishlab chiquvchi Rossiyaning “Kelajak transporti” (“Transport budushego”) bosh direktori Yuriy Kozarenko bu haqda ma’lum qildi.

Bozorni tahlil qildik va shuni ishonch bilan ayta olamizki, bugungi kunda o‘n minglab dronlarni iqtisodiy jihatdan samarali tarzda bozorga chiqarish mumkin va bu katta daromad keltiradi.
O‘zbekistonda tashkil etilayotgan qo‘shma korxona yil oxirigacha ishga tushiriladi. Biz ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi 100 million dollardan oshishini kutmoqdamiz. Bu hali birinchi bosqich — mahsulotni 50 foizgacha mahalliylashtirish bilan amalga oshiriladi, dedi Yuriy Kozarenko.
Kozarenkoga ko‘ra, dronlardan foydalanish uchun Rossiya fuqarolik aviatsiyasi (Rosaviatsiya) va O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqarolik aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) bilan bir qator muhim ishlarni amalga oshirish zarur.
Bu — dronlardan xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali foydalanishni ta’minlaydigan infratuzilmani yaratish demakdir. Biz bu ishni ham O‘zbekistonda zimmamizga oldik va hamkorlarimiz bilan birga olib bormoqdamiz, dedi bosh direktor.
“Kelajak transporti” kompaniyasi O‘zbekistonga qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qilmoqda.
Bu loyihalarda Rossiya nafaqat texnologiyalarni beruvchi tomon, balki ularni qabul qiluvchi va tovar oluvchi tomon ham bo‘ladi, deya ta’kidladi Kozarenko.
U O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan dronlar qishloq xo‘jaligida qo‘llanishini qo‘shimcha qildi.
Izoh (0)