Kecha, 22-aprel kuni Rossiyaning Vladimir viloyatida joylashgan 51-GRAU (Bosh raketa-artilleriya boshqarmasi) arsenalida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy aholi tomonidan yozib olingan videolarda yirik yong‘in aks etgan.
Rus harbiy manbalariga ko‘ra, gap Barsovo qishlog‘ida joylashgan 51-GRAU arsenali haqida bormoqda. Guvohlarga ko‘ra, portlash oldidan dron ovozi eshitilgan. Hududda ikkilamchi portlash (detonatsiya) jarayonlari hanuz kuzatilmoqda. O‘q-dorilar, jumladan, raketa komponentlari yaqin atrofdagi aholi punktlariga kelib tushgan holatlar ham yo‘q emas.
Shu bois rasmiylar Barsovo yaqinidagi qishloqlardan aholini evakuatsiya qilishni boshladi. Hududga kirish yo‘llari yopilgan. Qayd etilishicha, portlashlar hali ham kuzatilmoqda. Favqulodda holat rejimi hukm suryapti.
Nima portladi?
51-GRAU — bu Rossiya Mudofaa vazirligining Raketa va artilleriya bosh boshqarmasiga tegishli eng yirik o‘q-dori omborlaridan biri hisoblanadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 105 ming tonnaga yaqin o‘q-dorilar, jumladan, artilleriya snaryadlari, reaktiv tizimlar, havo mudofaa komplekslari uchun raketalar, shuningdek, “Tochka-U” kabi taktik ballistik raketalar saqlangan.
Ombor Ukraina bilan chegaraning eng yaqin nuqtasidan 500 kilometr masofada joylashgan. Bu yerdan Moskvagacha bo‘lgan masofa 65 kilometrni tashkil qiladi.
Izoh (0)