Migratsiya agentligining sobiq rahbari Afzal Ermatov oqlandi. U 14,5 mlrd so‘mni ortiqcha undirganlik va jinoiy daromadlarni legallashtirish ayblovlari bilan qamalgandi.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati taftish instansiyasining 2025-yil 8-apreldagi hukmi bilan Afzal Ermatov aybsiz deb topilgan va reabilitatsiya qilingan. Jinoyat ishining unga oid qismi tugatilgan.
Afzal Ermatov 2022-yil 17-martdan 27-mayga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i vazifasini v.b., 2022-yil 27-maydan 2023-yil 2-yanvargacha esa agentlik boshlig‘i lavozimida ishlagan. U 2023-yil 2-yanvarda ushlanib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ermatov boshqa shaxslar bilan til biriktirib, Koreyaga mehnat migranti sifatida ketayotgan fuqarolardan ortiqcha pul undirganlikda ayblangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024-yil 13-maydagi hukmi bilan Afzal Ermatovga 3 yil masʼul mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2024-yil 30-iyuldagi ajrimiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi hukmining Afzal Ermatovga oid qismi o‘zgartirilib, u jinoiy hodisa yuz bermagani sababli Jinoyat kodeksining 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybsiz deb topilgan va oqlangan.
Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari (firibgarlik juda ko‘p miqdorda; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa) bilan unga 3 yil migratsiya sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 180 mln so‘m jarima jazosi belgilangan.
Qamoqda saqlangan 576 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, jarima jazosi 93 mln 600 ming so‘mga tushirilgan hamda Irmatov darhol sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Sud hukmida Afzal Ermatov 2022-yil yanvar-dekabr oylari davomida firibgarlik yo‘li bilan boylik orttirish maqsadida Janubiy Koreyaga mehnat migranti sifatida ketishi aniq bo‘lgan fuqarolardan aviachipta uchun ortiqcha pul mablag‘larini qo‘lga kiritish borasida uyushgan guruh tashkil etgani keltirilgan.
Hukmda u guruh aʼzolari bilan 2022-yilning 6-yanvaridan 19-dekabrga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Janubiy Koreyaga ketgan fuqarolardan ortiqcha yig‘ilgan jami 14 mlrd 416 mln so‘mni qo‘lga kiritib, taqsimlab olgani aytilgan.
Izoh (0)