Bugun, 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunini ko‘rib chiqildi.
Byudjetnomaning muhokamasi chog‘ida senat raisi Tanzila Norboyeva byudjet jarayonlarini ochiq va shaffof bo‘lishiga, mablag‘lar maqsadli va samarali sarflanishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligini aytib o‘tdi.
Bu borada Parlament bilan bir qatorda mahalliy kengashlar ham faol va masʼuliyatli bo‘lishlari lozim. Biz necha kundan beri shu masalani ularning qulog‘iga quyyapmiz. Chunki byudjet hisobidan bo‘ladigan barcha loyihalar asosan hududlarda amalga oshiriladi. Ularning o‘z vaqtida sifatli bajarilishi deputatlarning doimiy eʼtibor markazida bo‘lishi lozim, dedi Tanzila Norboyeva.
Uning alohida taʼkidlashicha, jamoatchilik o‘rtasida byudjet bilan bog‘liq har qanday fikr-mulohazalarga va muhokamalarga o‘z vaqtida malakali javob berib borilishi, ochiq va konstruktiv muloqotga kirishish shart.
Asosli bo‘lgan takliflarni eʼtiborga olish asossiz va o‘rinsiz rezonanslarning oldini olishga xizmat qiladi. Agar ijtimoiy tarmoqlarda yoki odamlarimiz bilan uchrashuvlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalar konstruktiv bo‘lsa, uni albatta eʼtiborga olishimiz kerak.
Eʼtiborga ololmaydigan bo‘la, sababini tushuntirib berishimiz kerak. Asossiz yoki o‘rinsiz bo‘lsa ham, o‘z vaqtida javob berish lozim. Shunda har xil boshqacha fikr va tushunmovchiliklarga bo‘lmaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda barcha vazirlik va idoralar, ayniqsa hududiy ijro organlaridan mana shu masalalarga alohida eʼtiborni berishlaringizni talab qilamiz. “Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar gapiraveradi-da”, degan gaplar bo‘lishi kerak emas, dedi u.
Senat 2025-yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni maʼqulladi
Avvalroq Senati tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari uchun mahalliy Kengashlar faoliyatining rivojlanishi, mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatining vazifalari yuzasidan o‘quv seminari tashkil etilgan.
Izoh (0)