Yong‘in oqibatida bozorning 8 ming metr kvadrat maydonidagi do‘konlar vayron bo‘lgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2025-yil 11-avgust kuni soat 02:20 larda Toshkent tumani, “Sabzavot” MFY hududida joylashgan “Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi” MCHJda yong‘in kelib chiqqan.
Bozorning umumiy do‘konlar qurilgan maydoni 20 ming metr kvadrat bo‘lib, ko‘rilgan tezkor choralar natijasida 12 ming metr kvadrat maydonda joylashgan savdo do‘konlari yong‘indan saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lganlar aniqlanmagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.
Hozirda yong‘in kelib chiqishi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov organlari yakuniy xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot berilishi bildirilgan.
Avvalroq FVV xodimlari alangani o‘chirishga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 02:29 da yetib borgani xabar qilingandi. Yong‘in soat 03:24 da qurshab olinib, soat 04:46 da o‘chirilgan.
Izoh (0)