Janubiy Xitoy dengizida Xitoy harbiy kemasi Filippin kemasini quvib ketayotgan o‘zining qirg‘oq qo‘riqlash kemasiga urildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Xitoy harbiy kemasi bahsli Skarboro rifi yaqinida Filippin patrul katerini quvib ketayotganda qirg‘oq qo‘riqlash kemasi bilan to‘qnashgan.
Voqea Filippin qirg‘oq qo‘riqlash xizmati baliqchilar uchun gumanitar yordam ortilgan qayiqlarga hamrohlik qilayotgan paytda sodir bo‘lgan.
AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining Janubiy Xitoy dengizi masalalari bo‘yicha vakili Jey Tarriyelaning aytishicha, Xitoy kemasi yuqori tezlikda harakatlanib, xavfli harakatlar qilgan.
“Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash kemasi CCG 3104 yuqori tezlikda Filippin qirg‘oq qo‘riqlash kemasi BRP Suluan’ni quvlab, Filippin kemasining o‘ng tomonidan xavfli harakat qildi. Bu esa Xitoy Xalq ozodlik armiyasining harbiy kemasi bilan to‘qnashuvga olib keldi. Natijada CCG kemasining old qismiga jiddiy shikast yetdi”, deydi Jey Tarriyela.

Ta`kidlanishicha, to‘qnashuvdan oldin BRP Suluan suv purkagichdan o‘qqa tutilgan, ammo chetlab o‘tishga erishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.
Skarboro rifi 2012-yildan buyon Pekinning ushbu suvlarga bo‘lgan da’volarini rad etuvchi xalqaro qarorga qaramay Xitoy va Filippin o‘rtasidagi ziddiyatning asosiy nuqtalaridan biri bo‘lib kelmoqda. Janubiy Xitoy dengizi eng muhim dengiz yo‘li hisoblanadi, u orqali jahon savdosining 60 foizdan ortig‘i amalga oshiriladi.
19-iyul kuni Vyetnamda bortida 53 kishi bo‘lgan sayyohlik kemasi ag‘darilib ketdi. Hodisa oqibatida kamida 34 kishi halok bo‘lgan, 8 kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilingandi.
May oyida Hindistonning Kerala shtati hukumati Kochi shahridan taxminan 70 kilometr uzoqlikda konteyner kemasi cho‘kkanidan so‘ng qirg‘oqbo‘yi hududlarida favqulodda tayyorgarlik holatini e’lon qilgandi.
Izoh (0)