Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 13-avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbat o‘tkazadi. Telefon orqali muloqot Donald Trampning Putin bilan muloqotidan 2 kun avval bo‘ladi. Bu haqda UNIAN agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, suhbatda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham ishtirok etadi. Shuningdek, muloqotda Germaniya kansleri Fridrix Merts, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Italiya, Polsha va Finlyandiya hukumat rahbarlari qatnashadi.

Qayd etilishicha, bu muloqot davomida Rossiyaga bosim o‘tkazishning kelajakdagi variantlari muhokama qilinadi. Qolaversa, hududiy va xavfsizlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
Ta’kidlanishicha, Ukraina va uning Yevropadagi hamkorlari urushni hozirgi pozitsiyalarda muzlatishni ilk qadam sifatida ko‘rmoqda. Keyinchalik uzoq muddatli tinchlik kelishuviga erishish mumkin.
Putin esa Donbass va Qrimning xalqaro hamjamiyat tomonidan Rossiya hududi sifatida tan olinishini muzokara boshlashning bosh sharti sifatida ko‘rsatmoqda.
Ukraina prezidenti Zelenskiy hududlardan voz kechmoqchi emas. Yevropa davlatlari uni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga va’da bergan. Lekin yevropaliklar Putin va Trampning uchrashuvidan xavotirlanmoqda, chunki ular Yevropaning ayrim talablarini e’tiborsiz qoldirgan holda kelishuvga erishishi mumkin.
Izoh (0)