AQSH prezidenti Donald Tramp 15 avgust kuni Alyaskada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan bo‘ladigan samarali uchrashuvni kutayotganini bildirdi. Bu haqda u 11-avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.

Trampning ta’kidlashicha, Alyaskadagi Putin bilan uchrashuv ko‘proq dastlabki xarakterga ega bo‘ladi va unda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ishtirok etishi rejalashtirilmagan. U Putin bilan uchrashuvdan so‘ng Rossiya prezidentining Zelenskiy bilan uchrashuvini yoki uch tomonlama sammitni kutayotganini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, u AQSH hududlar almashinuvini tashkil etishga harakat qilishini ma’lum qilgan.
“Men Vladimir Putin bilan gaplashaman va unga “Sen bu urushni to‘xtatishing kerak”, deyman”, dedi Tramp mojaroni hal qilish bo‘yicha Moskva va Kiyev uchun manfaatli bo‘lgan kelishuv ishlab chiqishga intilishini qo‘shimcha qilib.
Shu bilan birga, AQSH rahbari Rossiya rahbari bilan uchrashuv natijalariga ko‘ra Ukraina bo‘yicha muzokaralar jarayonidan chiqish ehtimolini istisno qilmagan.
“Men ketib, “omad tilayman” deyishim mumkin. Shu bilan tamom bo‘ladi”, dedi AQSH rahbari.
“Putin butun Ukrainani xohlagan, deb hisoblovchilar bor. Aytgancha, men ham shunday fikrdaman. O‘ylaymanki, agar men bo‘lmaganimda, u hozir hech kim bilan gaplashmasdi ham. Lekin men u bilan uchrashmoqchiman. Biz bitim shartlarini muhokama qilamiz. Keyin esa prezident Zelenskiy va Yevropa rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilaman”, dedi Oq uy rahbari.
Bundan avval AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan 15-avgust kuni Alyaskada uchrashishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Prezidentlar mojaroni uzoq muddatli hal etish variantlarini muhokama qiladilar.
Izoh (0)