YouTube’dagi Daryo Lifestyle kanalida aktrisa Huvaydo Jumayeva bilan suhbat tashkil etildi. U qiyinchilik bilan teatrga ishga qabul qilingani, nojoiz takliflar va gap-so‘zlar sabab oilaviy munosabatlariga putur yetgani haqida gapirdi.
“O‘z ampluamni bilaman”

— Tashqi ko‘rinishim qanday rollarga mos kelishini yaxshi bilaman. Shu bois Jamila yoki Nodirabegim kabi bosh rollarni ijro etishni orzu qilmaganman. Men rahmatli aktrisa Dilbar Ikromovaning ijodiga qiziqardim. U “Kelinlar qo‘zg‘oloni” va “Chimildiq” kabi filmlarda bosh rollarni ijro etmagan bo‘lsa-da, tomoshabinlar mehrini qozongan. Uch yil davomida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida shartnoma asosida ishladim. Sahnaga chiqib, ijro etgan rolimiz uchun 3 ming so‘m gonorar yozishardi. Ammo oylab davom etadigan tayyorgarlik jarayonlari uchun pul yozilmasdi. “Bu oy faloncha spektaklda rol ijro etdim, 60 ming so‘m gonorar olaman”, deb quvonib yurgan paytimizda qo‘limizga 40 ming so‘mni tutishardi. Haqimizni talab qiladigan bo‘lsak, “xohlamasang, ket” degan gapni aytishardi. Sahnaga chiqyapmiz-ku, deb indamay ishlayverardik. Shunday qiyin sharoitda 7-8, hatto 12 yilda shtat asosida ishga qabul qilinganlarni bilaman. Hatto kursdoshim Dilnoza Kubayeva ham 3 yil deganda teatrga shtat asosida ishga olingan. Boshliqlarning ishi bo‘lmasdi, xuddiki o‘lsang, o‘lib ketavermaysanmi degandek munosabatda bo‘lishardi, deydi Huvaydo Jumayeva.
“Xotiramni yo‘qotib qo‘yishni istadim”

— Surxondaryoning oddiy qishlog‘iga kelin bo‘lganman. U yerdagilar sanʼatni noto‘g‘ri tushunishardi. Artistni to‘yga chiqib, hayosiz xatti-harakatlari bilan pul topadigan deb tushunishardi. Turmush o‘rtog‘im ham, uning oila aʼzolari ham sanʼatimni tushunishmadi. Juda ko‘p nizolarga borganimizdan keyin sanʼatdan ketishga qaror qildim. Chunki menga oila yoki ijodni tanlash yo‘li bor edi. Shunday paytlarda qaniydi, xotiramni yo‘qotib qo‘ysam-u, televizorga chiqqan kunlarimni eslay olmasam deb orzu qilardim. Uydagilarning ishonchini qozonishim uchun ko‘p sabr qilishimga to‘g‘ri keldi. Shukrki, hozir ijodimni qo‘llab-quvvatlashadi, hatto mendek kelinlari borligidan faxrlanishadi. Men bolalarim baxti uchun oilamni saqlab qolishga harakat qilganman va bundan hech qachon afsuslanmayman, deydi Huvaydo Jumayeva.
“Qo‘rqib ketib, sanʼatdan ketaman deganman”

— Otam rahmatli nihoyatda chiroyli tarbiya bergan. U qattiqqo‘l va tartibni yaxshi ko‘radigan inson edi. Uning yonida bemalol o‘tirolmasdik, salobati bosardi. Toshkentga kelganimdan keyin ham uning oldidagi masʼuliyatni his qilganman. Institutda o‘qiyotganimda Bahora ismli dugonam bilan qahvaxonada ishlaganmiz. Pollarni, idishlarni yuvganmiz, u yerning xo‘jayini bizga 70 ming so‘m berishi kerak edi. Qo‘limga 15 ming so‘mni tutib, “Istaysanmi, uy-joy qilib beraman”, degan. Uning niyati buzuqligini bilib, bergan pulini stol ustiga qo‘yib qochib ketganman. Ancha vaqtgacha qo‘rqib yashaganman, xuddiki bir ayb ish qilib qo‘ygandek his qilardim.
O‘ylab qarasam, oilada olgan tarbiyam meni ko‘p yomonliklardan asragan. Sanʼatda ham shunday takliflar bo‘lgan, “Ishing ham, roling ham kerakmas, rozi bo‘lgandan ko‘ra tinchgina sanʼatdan ketaman”, deganman. Hozir hammasi yaxshi, oilam, turmush o‘rtog‘im va sevimli kasbim bor, deydi Huvaydo Jumayeva.
Suhbatni to‘liq holda YouTube’dagi Daryo Lifestyle kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)